Turkiyada O‘zbekiston yoshlari forumi tashkil etildi

Forumni o‘tkazishdan maqsad — Turkiyadagi o‘zbekistonlik yoshlarda vatanparvarlik ruhini oshirish, O‘zbekistondagi o‘zgarishlarga daxldorlik hissini oshirish va mamlakatda yoshlarga oid siyosatni rivojlantirishda ularning faolligini oshirishdan iborat.

1749524
Turkiyada O‘zbekiston yoshlari forumi tashkil etildi

 

Kecha, 18 dekabr kuni Istanbuldagi Yildiz Texnik universitetida “Yangi O‘zbekiston — yangi g‘oyalar!” shiori ostida “O‘zbekiston yoshlari forumi — Turkiya” tadbiri o‘tkazildi.

Mazkur tadbir 18−25 dekabr kunlari “O‘zbekiston yoshlari forumi — 2021” doirasida Turkiyaning xorijdagi turklar va qardosh jamiyatlar boshqarmasi (YTB) qo’llab-quvvatlovi bilan O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Turkiyadagi vakilligi tomonidan O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi va Istanbuldagi Bosh konsulxonasi bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.

“Forumni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad — Turkiyadagi o‘zbekistonlik yoshlarda vatanparvarlik ruhini oshirish, O‘zbekistondagi o‘zgarishlarga daxldorlik hissini oshirish va mamlakatda yoshlarga oid siyosatni rivojlantirishga o‘z hissalarini qo‘shish hamda bu borada ularning faolligini oshirishdan iborat”, — deyiladi tadbir press-relizida.

Forum doirasida Turkiyadagi o‘zbekistonlik tashabbuskor yoshlar va guruhlarning taklif va rejalarini o‘rganish va ularni munosib rag‘batlantirish maqsadida Yoshlar simpoziumini o‘tkazish rejalashtirilgan. Simpoziumda O‘zbekistonning Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotiy va ta’sirchan milliy g‘oyaga aylanlantirishda yosh olimlarning ilmiy va amaliy yondashuvlari, kelajak liderlari bo‘lib yetishishining zamonaviy tamoyillari, dunyoda “New Media” deb nom olgan axborot vositalarining yangi trendlari va madaniyat sohasida faoliyat yuritayotgan ijodkorlarning firk almashinuvlari o‘rin olgan.

Forum davomida Turkiyadagi o‘zbekistonlik ijodkor yoshlari ko‘rgazmalari, viktorina va sovrinli o‘yinlar o‘tkazish, faol talaba-yoshlarni taqdirlash rejalashtirilgan.

Shuningdek, Turkiyada tahsil olayotgan yoshlar va O‘zbekistondan tashrif buyurgan rasmiy vakillar o‘rtasida ochiq muloqot tashkil etiladi. Turkiyadagi o‘zbekistonlik talaba yoshlarning O‘zbekiston yoshlariga murojaati e’lon qilinadi.

Shu bilan bir qatorda, forum ishtirokchilarining kiritgan loyihalarini ko‘zdan kechirish va tanlab olish, shuningdek, ularni yoshlarga doir qabul qilinishi kutilayotgan O‘zbekiston hukumati qarori uchun taklif sifatida kiritish mo‘ljallangan.

Tadbir yakunida forumda faol ishtirok etgan yoshlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi va gala-konsert taqdim etiladi.

Ma'lumot uchun; “O‘zbekiston yoshlari forumi – 2021” nafaqat O'zbekistonda, balki xorijdagi o'zbek yoshlarini ham qamrab olishni maqsad qilgan. Forum doirasida Yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi tomonidan Janubiy Koreya, Turkiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, AQSH hamda Rossiya Federatsiyasida ayni paytda tahsil olayotgan, shuningdek, mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik yoshlar uchun turli uchrashuvlar, davra suhbatlari, taqdimotlar, bayram tadbirlari uyushtirishni rejalashtirgan.

Vatandosh yoshlarni o‘zaro birlashgan holda, xorijiy tajriba samarasida ilm-fan, zamonaviy texnologiyalar, iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va boshqa masalalarni o‘zaro muhokama qilishadi va yakunda O‘zbekiston rivoji uchun amaliy takliflar ishlab chiqiladi. 

 

 


Tanlangan kalimalar: #Yoshlar forumi , #O'zbekiston , #Turkiya

Aloqador xabarlar