Tojikistonda "Yevropa Ittifoqi-Markaziy Osiyo" shaklidagi 17-vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari hamda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili ishtirok etdi.

1737128
Tojikistonda "Yevropa Ittifoqi-Markaziy Osiyo" shaklidagi 17-vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

 

Bugun, 22-noyabr kuni Dushanbe shahrida "Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo" shaklidagi 17-vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O'zbekiston TIV ma’lumotiga ko‘ra, tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari hamda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarning dolzarb masalalari, xavfsizlikning umumiy muammolari, savdo, investitsiya, ekologiya sohalarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, shuningdek, mintaqalararo aloqalarni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qildi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov o‘z nutqida Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikning innovatsion modelini shakllantirish, uzoq muddatli istiqbolda yangi o‘sish nuqtalarini aniqlash bo‘yicha qat’iy choralarni amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.

Tariflarni uyg‘unlashtirish, bojxona tartiblarini soddalashtirish, barcha biznes subektlari uchun teng sharoitlar yaratish, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish, transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish orqali hududlararo va mintaqalararo savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Afg‘onistonda gumanitar falokatning oldini olish, mamlakatni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga jalb etish, afg‘on tomoni bilan konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tezkor va o‘zaro kelishilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Uchrashuv ishtirokchilariga O‘zbekiston tomonidan yashil iqtisodiyot tamoyillarini joriy etish, ekologiya va bioxilma-xillikni saqlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ham ma’lumot berildi. O‘zbekiston tomoni Yevropa Ittifoqi bilan ushbu yo‘nalishdagi aloqalarni, jumladan, BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast fondi doirasida hamkorlikni kengaytirishga tayyorligi bildirildi.

Uchrashuv yakunida Qo‘shma bayonot qabul qilindi.



Aloqador xabarlar