O‘zbekiston va Turkiya Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi kelishuv loyihasini tasdiqlashga kelishib oldi

Turkiya hukumati delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida Toshkent shahrida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 6-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

1667081
O‘zbekiston va Turkiya Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi kelishuv loyihasini tasdiqlashga kelishib oldi

 

Mazkur yig‘ilishga O‘zbekiston tomonidan Bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov hamda Turkiya tomonidan vitse-prezident Fuat O'ktay hamraislik qildi.

O’zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (ITSV) ma’lum qilishicha, tadbirda ikki mamlakatning asosiy vazirlik va idoralari, shuningdek, tarmoq birlashmalari rahbarlari qatnashdilar. Yig‘ilish kun tartibiga savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, sanoat, bank-moliya, ilmiy-texnologik, madaniy-gumanitar hamkorlikning keng ko‘lamli masalalari kiritildi.

O‘zbekiston-Turkiya hamkorligining strategik xususiyatini qayd etgan ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari qo‘shma loyiha va tashabbuslarni ilgari surish, shuningdek, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini aniqlash borasidagi sa’y-harakatlarni yanada faollashtirish borasidagi qo‘shma ishlarning dolzarbligini ta’kidladi.

Uchrashuvda energetika, transport, ta’lim, madaniyat va turizm vazirliklari rahbarlari o‘z hisobot va taqdimotlar bilan so‘zga chiqdilar hamda tegishli sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish yo‘llari to‘g‘risidagi tasavvurlari bilan bo‘lishdilar. Konstruktiv fikr almashinuvi o‘zaro manfaatlarning kesishish nuqtalarini aniqlash va amaliy hamkorlikni faollashtirish uchun aniq qadamlarni belgilash imkonini berdi.

Uchrashuv chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi investitsiya, savdo-iqtisodiy, transport va tranzit, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.

Xususan, yaqin kelajakda tomonlar Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi kelishuv loyihasini tasdiqlash bo‘yicha ishlarni yakunlashi kutilmoqda. Bitim shu yil o‘tkazilishi rejalashtirilgan Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishi chog‘ida imzolanishi kutilmoqda.

Shuningdek, tomonlar ayrim tovar pozitsiyalariga nisbatan o‘zaro savdodagi mavjud to‘siqlarni bartaraf etish hamda o‘zbek va turk mahsulotlarining ikki mamlakat bozorlariga o‘zaro kirishiga ko‘maklashish mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha qator amaliy chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

“Xitoy – Markaziy Osiyo – Kavkaz – Yevropa” transport yo‘lagining yuk bilan ta’minlanganligini oshirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqishga oid sa’y-harakatlar birlashtiriladi. Bu o‘zaro savdoni rivojlantirish va mintaqaning tranzit salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan qo‘shimcha shart – sharoitlarni shakllantiradi.

Shuningdek, tomonlar O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Gruziya temir yo‘l tashkilotlari tomonidan imzolangan “Tranzit tariflariga chegirmalar taqdim etish to‘g‘risida”gi shartnomaga Turkiya Davlat temir yo‘l korporatsiyasining qo‘shilishi haqidagi qaror qabul qilinishini tezlashtirishga kelishib oldi.

Uchrashuv doirasida O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Turkiya Respublikasi Savdo vazirligi o‘rtasida texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, muvofiqlikni baholash, akkreditatsiya va metrologiya sohasida hamkorlik to‘g‘risida Bitim, O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish Davlat Qo‘mitasi bilan Turkiya Respublikasi Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi o‘rtasida baliqchilik sohasida hamkorlik to‘g‘risida Bitim, “Chengiz Enerdji” kompaniyasi bilan Sirdaryo viloyatida 240 MVt quvvatga ega kombinatsiyalashgan siklli bug‘-gaz elektr stansiyasini qurish bo‘yicha investitsiyaviy Bitim va “O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha tegishli kelishuv imzolandi.


Tanlangan kalimalar: #Fuat O'ktay , #O'zbekiston , #Turkiya

Aloqador xabarlar