Shavkat Mirziyoyev Sadir Japarovni saylovdagi g‘alabasi bilan tabrikladi

O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonning saylangan prezidenti Sadir Japarov bilan 11-yanvar kuni telefon orqali muloqot qildi.

1561629
Shavkat Mirziyoyev Sadir Japarovni saylovdagi g‘alabasi bilan tabrikladi

 

O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sadir Japarovni Qirg‘izistondagi prezidentlik saylovlarida qozongan g‘alabasi bilan tabrikladi.

Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonning saylangan prezidenti Sadir Japarov bilan 11-yanvar kuni telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlat rahbari Sadir Japarovni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovidagi ishonchli g‘alabasi hamda Qirg‘iziston Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendumning muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan chin dildan tabrikladi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Prezidenti ushbu g‘oyatda muhim siyosiy tadbirlarning yakunlari Qirg‘iziston barqarorligi va izchil taraqqiyotini ta’minlash, aholi farovonligini oshirish uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonch bildirdi.

O‘z navbatida, Sadir Japarov O‘zbekiston Prezidenti va o’zbek xalqiga zamonaviy xatarlarni yengib o‘tishda va koronavirus pandemiyasi oqibatlariga qarshi kurashishda qardosh Qirg‘izistonga ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun minnatdorlik bildirdi.

Muloqot chog‘ida ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

2021-yil O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va strategik sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlash, ularni sifat jihatidan yangi mazmun bilan boyitish davri bo‘lishi lozimligi qayd etildi.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston ko‘p qirrali hamkorligini rivojlantirish borasida avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhim ekani alohida ta’kidlandi.

Eslatish joizki, Sadir Japarov Qirg‘iziston prezidenti saylovida 80 foizdan ko’proq ovoz olib g’alaba qozondi.

 

 



Aloqador xabarlar