Birinchi MDH mamlakatlari sport o‘yinlariga rasmiy start berildi

Kecha Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida ilk marotaba o‘tkazilayotgan Birinchi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi o‘yinlarining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

1702824
Birinchi MDH mamlakatlari sport o‘yinlariga rasmiy start berildi

 

Kecha Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida ilk marotaba o‘tkazilayotgan Birinchi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi o‘yinlarining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

1-MDH o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi epidemiologik vaziyat tufayli tomoshabinlarsiz tashkil etildi.

MDH o‘yinlarida 9 ta davlat, yaʼni Armaniston, Ozarbayjon, Moldova, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston hamda mezbon Rossiya sport delegatsiyalari 182 ta medallar jamlanmasi uchun bahslarga kirishgan.

O‘zbekiston sport delegatsiyasining bayrog‘ini 1-MDH o‘yinlarining yunon-rum kurashi bo‘yicha kumush medal sohibi, bir necha bor mamlakat chempioni, jahon chempionati ishtirokchisi, qator xalqaro turnirlar g‘olibi Muhammadqodir Rasulov Qozon sport maydoni uzra baland tutgan holda olib o‘tdi.

O'zbekiston vakillari musobaqa dasturidagi 17 ta sport turidan 15 tasida ishtirok etmoqda.

MDH o‘yinlarining rasmiy ochilish marosimi kecha bo‘lib o‘tgan bo‘lsa-da, 4 sentyabrdagi erkin va yunon-rum kurashi bellashuvlarida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Shuningdek, boks musobaqalarining barcha finalchilari va bronza medali sohiblari maʼlum bo‘ldi.

Erkin va yunon-rum kurashining murosasiz bellashuvlari natijasiga ko‘ra, yurtimizning yosh kurashchilari yunon-rumda 2 tadan kumush va bronza medalini qo‘lga kiritdi. Erkin kurashchilarimiz esa 1 ta bronza bilan kifoyalandi.

Boks musobaqalari esa 1 sentyabrdan beri qizg‘in davom etmoqda. Kecha erkaklar  o‘rtasidagi 13 ta vaznning barcha finalchilari va bronza medali egalari aniqlandi. 60 va 66 kilogramm vaznda ringga ko‘tarilgan bokschilarimiz Umidillo Abdurasulov va Jaʼfarbek Shahbozov 1-MDH o‘yinlarining bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Qolgan yetti nafar bokschimiz oltin medal uchun kechadigan janglarda ishtirok etadi.

O'zbekiston bokschi qizlari ham musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. MDH o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan 13 ta vaznning 9 tasida o‘zbekistonlik qizlar final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan.

Bugun o‘zbek boksichilari oltin medallar uchun kechadigan janglarda ishtirok etadi.

5 sentyabr kungi musobaqalarda O'zbekistonning belbog‘li kurashchilari, muay-tay vakillari va basketbol (3x3) jamoasi ham bahslarni boshlaydi. Belbog‘li kurash musobaqalarining barcha g‘olib va sovrindorlari bugunning o‘zida aniqlansa, basketbol musobaqalarida qaysi davlat sportchilari o‘rinlardan qay tartibda joy egallashi ertaga, 6 sentyabr kuni o‘tadigan bahslarda maʼlum bo‘ladi. Muay-tay bellashuvlarining g‘oliblari esa 7-8 sentyabr kunlaridagi final janglari natijasida aniqlanadi.

Tataristonda o‘tkazilayotgan birinchi MDH o‘yinlari 14-23 yoshli iqtidorli sportchilar o‘rtasida tashkil etilmoqda. Shubha yo‘qki, bu o‘yinlar ana shu yoshlarimiz uchun qitʼa va jahon chempionatlari, Osiyo va Olimpiya o‘yinlari uchun o‘ziga xos tajriba maktabi vazifasini o‘tab beradi.

Musobaqalarning ikkinchi kunidan so‘ng O‘zbekiston vakillari hisobida 2 ta kumush va 8ta bronza medali bor.

MDH o‘yinlari 11 sentyabrgacha davom etadi.


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston , #Qozon , #MDH

Aloqador xabarlar