Fransiya Ozarbayjondagi elchisini chaqirib oldi
Parij ma'muriyati bu qarorni “Ozarbayjonning bir tomonlama harakatlari ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga putur yetkazgani” bilan izohladi.
Fransiya Ozarbayjondagi elchisi Ann Buayonni maslahatlashuvlar uchun chaqirib oldi.
Bu haqda Fransiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Parij ma'muriyati bu qarorni “Ozarbayjonning bir tomonlama harakatlari ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga putur yetkazgani” bilan izohladi. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron allaqachon diplomatik missiya rahbari bilan bu mavzuni muhokama qilgan.
Davlat rahbari “Ozarbayjonning xatti-harakatlaridan afsusdaligini bildirgan” va “Bakudan o‘z niyatlariga oydinlik kiritishi kutilayotganini” ta’kidlagan.
“Makron Parij Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish jarayonini qo‘llab-quvvatlashini aytdi”, deyiladi TIV bayonotida.
Ma’lumot uchun, 2023 yil oxiridan beri Fransiya va Ozarbayjon munosabatlarida keskinlik kuzatilmoqda. Ozarbayjon Fransiya hukumatini Armanistonga harbiy yuklarni yuborgani uchun tanqid qiladi. 2023 yil dekabrida Fransiya Armanistonga 50 ta zirhli texnika jo‘natishi ma’lum bo‘lgan. Joriy yilning fevral oyida Fransiya Mudofaa vaziri Sebastyan Lekornyu Armanistonga rasmiy tashrifi chog‘ida Parijning Yerevanni qisqa, o‘rta va uzoq masofaga mo‘ljallangan havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan ta’minlashga tayyorligini aytgan.
Eslatma: O‘tgan yil oxirida Ozarbayjon Fransiyaning Bakudagi elchixonasining ikki xodimini “persona non grata” deb e’lon qilgan bo‘lsa, yanvar oyida Fransiya fuqarosi mamlakatda josuslik qilgani uchun hibsga olingan edi.
Aloqador xabarlar
Gʻarbiy sohilda nazorat ostiga olingan falastinliklar soni ortdi
Gʻarbiy sohilda Isroil politsiyasi tomonidan nazorat ostiga olingan falastinliklar soni ortdi.
Afgʻonistonda namoz oʻqiyotganlarni nishonga olgan hujum uyushtirildi
Kecha Afgʻonistonda namoz oʻqiyotganlarni nishonga olgan qurolli hujum uyushtirildi.