Chavusho‘g‘li:Toshkent konferensiyasi ayni muddao va o‘z vaqtida tashkil etilgan anjuman bo‘ldi

Toshkentda o‘tayotgan xalqaro anjuman ishtirokchisi - Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li OAV xodimlariga bergan intervyusi chog‘ida ushbu xalqaro anjumanning ahamiyati yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.

1676907
Chavusho‘g‘li:Toshkent konferensiyasi ayni muddao va o‘z vaqtida tashkil etilgan anjuman bo‘ldi

 

Toshkentda o‘tayotgan "Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar" yuqori darajadagi konferensiyasi ishtirokchisi - Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li OAV xodimlariga bergan intervyusi chog‘ida ushbu xalqaro anjumanning ahamiyati yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.

- Avvalambor, mazkur konferensiyaning tashkil etilishi o‘ta muhim ahamiyatga molik ekanini aytishni istar edim, - dedi u. - Anjuman O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyov Janobi Oliylarining  o‘ziga xos qarashlarining ifodasi hisoblanadi. Men O‘zbekiston Prezidentining bugungi konferensiyadagi nutqini juda diqqat bilan tingladim. Unda shu kunga qadar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning tashabbuskori bo‘lgan hurmatli Prezidentning ikki mintaqa markazida joylashgan mamlakatning g‘oyalari, muhim  va yangi tashabbuslari, fikr va mulohazalari o‘rtaga tashlandi.

O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida xalqlarimizning ulkan tarixiy, ilmiy, madaniy-maʼrifiy merosi, allomalarimiz va dinimiz haqida batafsil gapirib o‘tdi. Men bundan juda ham faxrlandim, katta taassurot oldim. Shavkat Mirziyovning nutqi meni juda to‘lqinlantirib yubordi. Sababi bu haqiqiy yetakchiga xos nutq edi. Men ushbu nutqning videonusxasini olib, yana bir bor alohida o‘rganib chiqaman, albatta. Prezident Janobi Oliylarini hamda do‘st va birodar O‘zbekiston xalqini ushbu mazmunli nutq va ajoyib tarzda tashkil etilgan xalqaro tadbir bilan tabriklayman.

Tabiiyki, bu mintaqada dolzarb masalalar oz emas. Tahdidlarning asosiysi - bu Afg‘onistondagi o‘ta jiddiy vaziyatdir. Mintaqada boshqa yana qator qiyinchilik va o‘ziga xos muammolar mavjud, biroq shu bilan birga hali foydalanilmagan imkoniyatlar ham kam emas. Muammolarni birgalikda bartaraf etishimiz lozim bo‘ladi. Buning uchun biz hamkorlikda yangi loyihalarni amalga oshirishimiz zarur. Bu borada yaqindan hamkorlik qilishimiz kerak. Bu muammolarning hal etilishida, albatta, O‘zbekiston alohida o‘rin tutadi.

Turkiya O‘zbekiston tomonidan o‘rtaga tashlangan muhim takliflarni, mintaqalarimiz  kelajagi, jumladan, hududda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirishda yaqindan yordam berishga tayyordir. Mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik,  tahdidlar va imkoniyatlar borasidagi ushbu konferensiya ayni muddao va o‘z vaqtida tashkil etilgan tadbir bo‘ldi.



Aloqador xabarlar