Shavkat Mirziyoyev: O‘zbekiston va Tatariston hamkorligi uchun keng imkoniyatlar bor

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-iyun kuni Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minnixanov boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasini qabul qildi.

1659447
Shavkat Mirziyoyev: O‘zbekiston va Tatariston hamkorligi uchun keng imkoniyatlar bor

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-iyun kuni Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minnixanov boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasini qabul qildi. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ushbu ma’lumotga ko‘ra O‘zbekiston hududlarining Tatariston bilan o‘zaro manfaatli hamkorligini yanada kengaytirishning amaliy jihatlari Toshkent viloyati misolida ko‘rib chiqilgan.

Ustuvor yo‘nalishlarda kooperatsiya bo‘yicha qo‘shma loyiha va dasturlarni samarali ilgari surish uchun keng imkoniyatlar mavjud ekani alohida ta’kidlangan. Bugun bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama ishbilarmonlar forumining samarali natijalari ham buni yana bir bor tasdiqlagan.

Qayd etilishicha qo‘shma industrial park tashkil etish, kimyoviy, metall, elektrotexnika mahsulotlari va turli uskunalar, qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha yuqori texnologik korxonalar barpo etish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish,  raqamlashtirish va innovatsion yechimlarni joriy qilish loyihalari shular jumlasidan.

Uchrashuvda talab yuqori bo‘lgan sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish maqsadida keng savdo-logistika tarmog‘ini rivojlantirish zarurligi ta’kidlangan.

Bundan tashqari shaharsozlik, uy-joy kommunal xo‘jalik va obodonlashtirish sohasini boshqarish, transport kommunikatsiyalari va infratuzilmasini takomillashtirish borasida hamkorlik qilish va shu sohalardagi ilg‘or texnologiyalarni o‘rganish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi faol almashinuvlarning ham davom ettirilishi ifoda etilgan.

Uchrashuv yakunida qo‘shma “yo‘l xarita”lari asosida muhim yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy sheriklik loyihalarini ilgari surish yuzasidan kelishuvga erishilgan.



Aloqador xabarlar