Ayasofiyani ziyorat qilish xorijliklar uchun pullik bo'ladi

Bu haqda Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy ma’lum qildi.

2058453
Ayasofiyani ziyorat qilish xorijliklar uchun pullik bo'ladi

 

Chet elliklar uchun Turkiyaning Istanbul shahridagi Ayasofiya jome'-masjidini ziyorat qilish 2024 yilning yanvar oyidan boshlab pullik bo‘ladi.

Bu haqda Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy ma’lum qildi. 

“Biz Ayasofiya jome'-masjidida tashrif buyuruvchilarni boshqarish tizimidan foydalanishga harakat qilmoqdamiz. Tashriflar sifati va xavfsizligi ortadi. Chet elliklarning turizm maqsadidagi tashriflari 15 yanvardan boshlab pullik bo‘ladi. Turkiya fuqarolari uchun tashrif va ibodat bepul bo‘ladi”, deydi Nuri Ersoy.

Rasmiylar chet ellik sayyohlar uchun Ayasofiyani ziyorat qilishlari uchun masjidga alohida kirish joyi ajratilishini kutmoqda. 

Eslatma: 2020 yilning iyul oyida Turkiya Davlat kengashi Istanbuldagi Ayasofiyani muzeyga aylantirish to‘g‘risidagi 1934 yilda qabul qilingan Mustafo Kamol Otaturk farmoyishini bekor qildi. Shundan so‘ng, ushbu majmuadan masjid sifatida foydalanilishi ma’lum bo‘ldi. 

Ayasofiya masjidga aylantirilishidan oldin unga kirish pullik edi. Turkiya Prezidenti ob’ektning maqomi muzeydan masjidga o‘zgartirilsa, kirish hamma uchun bepul bo‘lishini va’da qilgandi. Ayasofiya masjidiga har yili 3 milliondan ortiq kishi tashrif buyuradi. 

Ayasofiya ibodatxonasi Vizantiya imperatori Konstantin II tarafidan milodiy 360 yilda bunyod etilgan. U yog‘ochdan qurilgani uchun 404 yilga kelib yonib ketgan. O‘sha yili ibodatxona birinchi bor qayta ta’mirlangan. Ibodatxonaning hozirgi binosi esa Vizantiya imperatori Yustinyan birinchining buyrug‘iga ko‘ra, 532-537 yillarda barpo etilgan. Ibodatxonaning qurilishi 5 yilu 10 oy davom etgan. Unda 10 mingdan ortiq quruvchi mehnat qilgan. Ibodatxona tarixchilar tomonidan o‘sha davrning eng katta binosi sifatida qayd etilgan.



Aloqador xabarlar