Janubiy Koreyada o‘zbek tilini o‘rgatishga eʼtibor kuchaymoqda

Hankuk xorijiy tillar universiteti tomonidan tashkil etilgan “Janubiy Koreyada maxsus chet tillarni o‘qitish va madaniy almashinuv mavzusidagi elchilar birinchi forumi”da O'zbekistonning Seuldagi elchixonasi faol ishtirok etdi.

1633837
Janubiy Koreyada o‘zbek tilini o‘rgatishga eʼtibor kuchaymoqda

 

Hankuk xorijiy tillar universiteti tomonidan tashkil etilgan “Janubiy Koreyada maxsus chet tillarni o‘qitish va madaniy almashinuv mavzusidagi elchilar birinchi forumi”da O'zbekistonning Seuldagi elchixonasi faol ishtirok etdi.

Anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad Koreya Respublikasidagi maxsus chet tili taʼlimining hozirgi holati, uni yana-da keng yoyish bo‘yicha o‘zaro fikr almashish hamda keyingi avlod olimlariga maxsus tillar va madaniyatlarni teran tushunish borasida ko‘mak ko‘rsatish bilan izohlanadi.

Onlayn va offlayn shakllarda bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda Hankuk xorijiy tillar universiteti va Xalqaro taʼlim milliy instituti rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, talabalar hamda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Turkiya, O‘mon, Hindiston, Indoneziya, Tailand, Braziliya, Portugaliya, Polsha va Keniya singari mamlakatlarning elchixonasi rahbarlari va xodimlari ishtirok etdi.

O'zbekiston elchixonasi vakili o‘z chiqishida o‘zbek tilining ko‘hna va boy tarixi hamda mamlakatda ona tilini davlat tili sifatida har tomonlama rivojlantirish va uning xalqaro miqyosdagi obro‘-eʼtiborini yana-da yuksaltirish masalasiga katta eʼtibor qaratilayotgani to‘g‘risida atroflicha to‘xtaldi.

Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21 oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2020 yil 20 oktyabrida eʼlon qilingan “Mamlakatda o‘zbek tilini yana-da rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlarining mazmun-mohiyati haqidagi maʼlumotlarga alohida eʼtibor qaratildi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda jahon miqyosida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilarning soni 50 million kishiga yaqinlashib qolgani, bu esa o'zbek tilining dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.

O‘zbek tili AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Shvetsiya, Rossiya, Ukraina, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Turkiya, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Tojikiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston kabi mamlakatlarda joylashgan 60 ga yaqin universitet va 100 dan ziyod maktabda o‘rganilayotgani, o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borayotgan chet ellik olim va tadqiqotchilarning safi yil sayin kengayib borayotgani ham eʼtirof etildi.

Shuni alohida qayd etish joizki, O'zbekistonning xorijdagi elchixonalari va diplomatik vakolatxonalari qoshida “O‘zbek tilining do‘stlari” klublari tashkil qilinayotgani forum ishtirokchilarida alohida qiziqish uyg‘otdi.

Forum doirasida Hankuk xorijiy tillar universiteti qoshida tashkil etilgan Maxsus chet tillarini o‘qitish markazi direktori Chong Jin Oga “O‘zbek tili. Xorijliklar uchun” o‘quv qo‘llanmasi taqdim etildi. O‘zbekiston tomoni ushbu markaz bilan o‘zaro hamkorlik munosabatlarini yana-da kengaytirishga tayyor ekanligi bildirildi.

O‘z navbatida, markaz direktori taqdim etilgan mazkur o‘quv qo‘llanmasi o‘zbek tilini zamonaviy uslubda intensiv o‘rgatishga xizmat qilajagini qayd etar ekan, O‘zbekiston tomoni bilan faol hamkorlik tobora rivojlanib borayotganidan mamnuniyat izhor etdi.  

Ushbu markaz Koreya Respublikasining 2016 yil 3 fevralda qabul qilingan “Maxsus chet tillarini o‘qitishni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi” qonuni ijrosi doirasida tashkil etilgan, - dedi professor Chong Djin O. - Taʼlim vazirligi va Xalqaro taʼlim milliy instituti tomonidan milliy taraqqiyot uchun strategik yondashuv talab etiladigan maxsus xorijiy tillar sifatida markazimizda o‘qitish uchun tanlangan dastlabki 11 davlat tillari orasida o‘zbek tilining ham mavjudligi Janubiy Koreya hukumati mamlakatimizda o‘zbek tilini o‘rgatishga katta eʼtibor qaratayotganidan dalolatdir.


Tanlangan kalimalar: #o'zbek tili , #Janubiy Koreya

Aloqador xabarlar