Tojikiston prezidentining "Tojiklar tarix ko‘zgusida" nomli kitobi o‘zbek tiliga tarjima qilindi

Kecha 3-may kuni Jahon iqtisodiyoti  va diplomatiya universitetida Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning o‘zbek tiliga tarjima qilingan "Tojiklar tarix ko‘zgusida" nomli kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

1633828
Tojikiston prezidentining "Tojiklar tarix ko‘zgusida" nomli kitobi o‘zbek tiliga tarjima qilindi

 

Kecha 3-may kuni Jahon iqtisodiyoti  va diplomatiya universitetida Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning o‘zbek tiliga tarjima qilingan "Tojiklar tarix ko‘zgusida" nomli kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tojikistonning O'zbekistondagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan mazkur taqdimot marosimida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Erkin Hamrayev, Jahon Iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Komiljon Karimov, Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Anvar Nosirov, Qozog‘iston elchisi Darxan Satibaldi, Turkmaniston elchisi Yazguli Mammedov, Belarus elchisi Leonid Marinich, Ozarbayjon elchisi Guseyn Guliyev, shuningdek, tarixchi olimlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari  ishtirok etdi.

Kitobning tojik tilidagi dastlabki nusxasi 20-asrning so‘nggi o‘n yilligida nashr etilgan. Unda tojiklar va Markaziy Osiyo xalqlarining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi batafsil qalamga olingan. Shuningdek, ushbu monografiyada  o‘zlikni anglash va milliy mustaqillik hamda tojik xalqining yangi davlatchiligi tiklanishiga oid maʼlumotlar o‘z ifodasini topgan.  

Asar ingliz, rus, arab, qozoq va boshqa tillarga tarjima qilingan. Uning o‘zbek tiliga o‘girilishi ham kitobning o‘quvchilari doirasi va jo‘g‘rofiyasini yana-da kengaytirishga xizmat qiladi.

Kitob to‘rtta bobdan iborat bo‘lib, unda tojik xalqiga oid tarixiy voqealar, tojik adabiyoti, madaniyati va sanʼati, zamonaviy davlatchilik rivoji singari ko‘pgina muhim ahamiyatga ega bo‘lgan mavzular kitobxonlarning eʼtiboriga havola etilgan.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar Tojikiston Prezidenti qalamiga mansub ushbu monografiyaning o‘zbek tiliga tarjima qilinishi ikki mamlakat o‘rtasidagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy aloqalarni yana-da rivojlantirishga, kitobxonlarning tojik davlatchiligi haqidagi bilimlarini yana-da mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi.

- Avvalo, bugungi tadbirni ushbu nufuzli universitetda  o‘tkazishga yaqindan yordam bergani uchun O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbariyatiga samimiy minnatdorlik bildiraman", - dedi Tojikiston elchisi Sodiq Imomiy.

-Bugun o‘zbek kitobxonlariga Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning "Tojiklar tarix ko‘zgusida" kitobining o‘zbek tilidagi tarjimasini taqdim edik. Kitob o‘tgan asrning 90-yillari oxirlarida yozilgan. Mamlakatimiz Prezidenti shu orqali o‘z g‘oyalarini keng o‘quvchilar bilan o‘rtoqlashishga qaror qilgan.

Kitobda tojik davlatchiligi tarixiga alohida eʼtibor qaratilgan bo‘lib, uning rivojlanishidagi asosiy bosqichlar bayon etilgan. Asarda ming yilliklarga daxldor tarix qamrab olingan.

Ushbu monografiyadan o‘rin olgan  maʼlumotlar hamda  davlatimiz rahbarining nutqlari o‘zbek olimlari va tarixga qiziqqan barcha o‘quvchilarning qalbiga yo‘l topishiga umid qilaman. Chunki, kitobdan joy olgan ko‘pgina ilmiy izlanishlar va boshqa materiallarda umumbashariy tarixga oid muhim maʼlumotlar ham o‘z aksini topgan.  Men tojik va o‘zbek xalqlarining taqdiri asrlar davomida bir-biri bilan chambarchas bog‘liq ekanini yana bir karra taʼkidlamoqchiman.  Ayni paytda ikki  davlat prezidentlari o‘rtasidagi  o‘zaro yaqin do‘stona  aloqalar xalqlarimiz farovonligi, mamlakatlarimiz rivoji hamda tarixiy va madaniy yaqinlashuvimizga xizmat qilmoqda.



Aloqador xabarlar