9 aprel – Sohibqiron Amir Temur tavallud topgan kun

9 aprel - Sohibqiron Amir Temur tavallud topgan kun. Sana munosabati bilan buyuk zot va temuriylarning jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini yodga olamiz.

1617619
9 aprel – Sohibqiron Amir Temur tavallud topgan kun

 

Amir Temur – ilm-fan va bunyodkorlik homiysi

9 aprel - Sohibqiron Amir Temur tavallud topgan kun. Sana munosabati bilan buyuk zot va temuriylarning jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini yodga olamiz.

Amir Temur ko‘plab mashhur muarrixlar ta’kidlaganidek, ilmning qadriga yetadigan, uni rivojlantirishga astoydil bel bog‘lagan, dunyoning yetuk olimlari, tarixchilari bilan bemalol suhbatlasha oladigan donishmand hukmdor edi. Ilm-fanga qiziqish Amir Temurning bolalik chog‘larida oilasidan boshlangan edi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Sohib­qiron xonadonida farzandlar (shahzodalar, malikalar)ga ilm-fanning turli sohalaridan ko‘p saboqlar berilar, madrasalarda tahsil olish davom ettirilardi.

Masalan, Mironshoh Mirzo uchun maxsus ibn al-Asirning “Al-komil fi-t-tarix” (Mukammal tarix) kitobi tarjima qilib berilgan edi. Sohibqiron boshlab bergan sa’y-harakatlari tufayli uning avlodlari orasida Muhammad Sulton, Ulug‘bek Mirzo, Ibrohim Sulton, Boysunqur Mirzo, Husayn Boyqaro, Zahiriddin Muhammad Bobur, Ko‘chkunchixon, Komron Mirzo, Gulbadanbegim, Zebunniso kabi shoirlar, olimlar, muarrixlar, xattotlar, homiylar, ma’naviyat va ma’rifat jonkuyarlari bor bo‘lib, ular ilm-fan, ma’naviyatning qadriga yetadigan ajoyib insonlar bo‘lib yetishdi.

Ulug‘bek Mirzoning astronomiya maktabi aynan Samarqandda yaratildi. Zamonaning ilg‘or rasadxonasi barpo etildi. 1 018 ta yulduz ta’rifini o‘z ichiga olgan “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” jadvali jahon faniga ulkan hissa bo‘lib qo‘shildi. “To‘rt ulus tarixi” asari esa xalqimiz tarixini anglab yetishda katta ahamiyatga ega.

Sohibqiron Amir Temur davri tarixini to‘liq va ishonarli yoritib bergan Sharafiddin Ali Yazdiyning fundamental “Zafarnoma” (1425) asari Sohibqironning nabirasi, Sheroz hokimi, shoir va xattot Ibrohim Sultonning rahbarligi, fidoyiligi va homiyligi ostida dunyoga keldi. 1519 yilda Ulug‘bek Mirzoning nabirasi Ko‘chkunchixon topshirig‘iga bilan mazkur “Zafarnoma” va Rashiduddinning “Jome ut-tavorix” asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilindi.

Qolaversa, jahon adabiyotining buyuk namoyandalaridan hisoblangan Alisher Navoiyning ijodi, Lutfiy va Husayn Boyqaro she’riyati, Qozizoda Rumiy va Ali Qushchi asarlari, Kamoliddin Behzodning durdona miniatyura rasmlari, Zahiriddin Muhammad Boburning bebaho "Boburnoma"si, go‘zal she’riyati, ilmiy asarlari, muarrixlar G‘iyosiddin Ali, Nizomiddin Shomiy, Muiniddin Natanziy, Hafizi Abro‘, Sharafiddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamirning solnomalari – barcha-barchasi temuriylar davrining mahsulidir.

Amir Temur bunyod etish, yaratish mentaliteti bo‘lgan xalqning farzandi, tabiatan bunyodkor bo‘lib tug‘ilgan o‘xshashi yo‘q zot edi.

"...Amr etdimki, – deb yozadi Amir Temur "Tuzuklar"da, – katta-kichik har bir shahar, har bir qishloqda masjid, madrasa va xonaqohlar bino qilsunlar, faqiru miskinlarga langarxona (musofirxona) solsunlar, kasallar uchun shifoxona qurdirsunlar va ularda ishlash uchun tabiblar tayinlasunlar. Har bir shaharda dorul-amorat (hukmdor saroyi) va dorul-adolat (adolat saroyi) qursunlar...".

Bunyodkorlik Sohibqiron davrida davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan edi deyish mumkin. Amir Temur faqat o‘z mamlakatidagina emas, balki boshqa yurtlarda ham bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgani buning dalilidir. Saltanat poytaxti qilib belgilangan Samarqandni dunyoning eng obod shahariga aylantirdi, ulug‘vorligini ko‘rsatish uchun, atrofida Damashq, Bag‘dod, Misr, Sheroz, Sultoniya kabi dunyoning mashhur shaharlari nomlari bilan atalgan, bog‘-rog‘larga ko‘milgan qishloqlar barpo qildirdi.


Tanlangan kalimalar: #Amir Temur

Aloqador xabarlar