Tolibon vakillari Afgʻonistonga qoʻshni mamlakatlar TIV rahbarlari yig’ilishiga taklif qilinmadi

Eronning Kobuldagi elchixonasi ma'lum qilishicha, Afg'onistonga qo'shni davlatlar ishtirokida Tehron hukumati mezbonligida bo'ladigan yig'ilish 27 oktyabr kuni o’tkaziladi.

1724573
Tolibon vakillari Afgʻonistonga qoʻshni mamlakatlar TIV rahbarlari yig’ilishiga taklif qilinmadi

 

Afg’onistonda hokimiyatni qo’lga olgan Tolibon hukumati 27 oktyabr kuni Eronda bo’lib o’tadigan Afgʻonistonga qoʻshni mamlakatlar TIV rahbarlari yig’ilishiga taklif qilinmadi. Shu sababli Tolibon vakillari Tehrondagi boʻlajak Afgʻonistonga bag'ishlangan yig'ilishda ishtirok etishmaydi.

Bu haqda toliblar tomonidan muvaqqat hukumatda axborot va madaniyat vaziri oʻrinbosari etib tayinlangan Zabihulloh Mujohid maʼlum qildi.

Uning ta’kidlashicha, ushbu yig’ilish Afg’onistondagi vaziyat uchun o’ta muhim.

Avvalroq, Eronning Kobuldagi elchixonasi Afg'onistonga qo'shni davlatlar ishtirokida Tehron hukumati mezbonligida bo'ladigan yig'ilishning 27 oktyabr kuni o’tkazilishini ma'lum qilgandi.

Mazkur yig’ilishga Pokiston, Xitoy, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston va Rossiya vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Yigʻilishda Afg’onistonda keng ko’lamli milliy hukumat tuzish va Afg‘onistondagi urushni tugatish masalalari muhokama qilinadi.

Eslatish joizki, 20 oktyabr kuni Rossiya poytaxti Moskva mezbonligida Afg‘oniston masalasi bo‘yicha “Moskva formati”da yig‘ilish bo‘lib o‘tgandi.

Yig’ilishda Rossiya, Turkmaniston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston, Tojikiston, Xitoy, shuningdek, Pokiston, Hindiston va Eron vakillari ishtirok etgandi.

Mazkur yig’ilishda Afg‘onistonda Tolibon tomonidan tashkil etilgan muvaqqat hukumat bosh vazir o‘rinbosari Abdul Salam Hanafiy boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etgandi. Yig‘ilishda Afg‘onistonning yangi ma’muriyatiga “inklyuziv hukumat” tashkil etish taklifi bildirildi.


Tanlangan kalimalar: #Eron , #Tolibon , #Afg'oniston

Aloqador xabarlar