Jo Bayden va Germaniya kansleri Angela Merkel Vashingtonda muzokara o‘tkazdi

Muzokaralarda Rossiya bilan munosabatlar, xalqaro koalitsiya kuchlarining Afg’onistonni tark etish jarayoni, pandemiyaga qarshi kurash va iqlim o’zgarishi kabi masalalar muhokama qilindi.

1676180
Jo Bayden va Germaniya kansleri Angela Merkel Vashingtonda muzokara o‘tkazdi

 

Kecha, 15 iyul kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden va Germaniya kansleri Angela Merkel Vashingtonda muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuv va muzokaralarda Rossiya bilan munosabatlar, xalqaro koalitsiya kuchlarining Afg’onistonni tark etish jarayoni, pandemiyaga qarshi kurash va iqlim o’zgarishi kabi masalalar muhokama qilindi. Bayden va Merkel uchrashuv davomida “Shimoliy oqim-2” gaz quvuri loyihasi to‘g‘risida ham fikr almashdi.

Baydenning ta’kidlashicha, u Merkel bilan Moskvaning qo‘shni davlatlarga bosim o‘tkazish uchun energiyadan foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligi to‘g‘risida kelishib olgan. Merkel esa Germaniya va AQSH “Shimoliy oqim-2” haqida turli xil fikrlarga ega ekanini ta’kidlagan. 

Qayd etilishicha, muzokaralarda Bayden Merkelga quvur liniyasi borasida xavotirini bildirgan. 

“Kansler va men Rossiyaning qo‘shnilariga tahdid qilish uchun energiyadan qurol sifatida foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak, degan fikrga kelishdik”, degan Bayden. 

O‘z navbatida Germaniya kansleri “Shimoliy oqim-2” “qo‘shimcha loyiha” ekanini va Ukraina orqali gaz tranzitining o‘rnini bosmasligi kerakligini aytgan. 

“Ukraina tabiiy gaz uchun tranzit davlat bo‘lib qolishi kerak”, degan Merkel. 

Merkelning so‘zlariga ko‘ra, “agar Rossiya Ukrainani tranzit huquqidan mahrum qilsa”, Germaniya qarab turmaydi. Kansler gazni Ukraina orqali tranzit qilishda muammolar yuzaga kelganda Germaniya nafaqat mustaqil, balki Yevropa Ittifoqi orqali ham harakat qilishi mumkinligini tushuntirgan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan Yevropa Ittifoqi orqali Rossiyaga qarshi Ukraina mojarosi bilan bog‘liq sanksiyalar joriy qilingan. 

Ta’kidlash joizki, AQSH ma’muriyati “Shimoliy oqim-2”ning amalga oshirilishidan norozi va ushbu loyihaga qarshi bir qator sanksiyalarni joriy etgan. 

“Shimoliy oqim-2” loyihasi Boltiq dengizi tubi bo‘ylab har birining uzunligi 1,2 ming kilometrdan ortiq bo‘lgan ikkita gaz quvur liniyasini qurishga asoslangan. Ular orqali Rossiya, Germaniya, Finlyandiya, Shvetsiya va Daniya dengiz hududlaridan Germaniyaga gaz yetkazib beriladi. Quvurning birinchi liniyasini qurish ishlari, allaqachon, yakunlangan. Ikkinchi quvurni yotqizishni avgustga qadar yakunlash rejalashtirilgan.

Germaniya kansleri Angela Merkel va AQSh prezidenti Jo Bayden muzokaralardan so’ng o’tkazilgan matbuot anjumanida Germaniyada sodir bo’lgan sel falokatida halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildirdi. U hamdardlik so‘zlari nafaqat Germaniya aholisiga, balki toshqinlardan zarar ko‘rgan qo‘shni davlatlar – Belgiya, Lyuksemburg va Niderlandiya aholisiga ham aytilganligini bildirdi.

Kansler falokatning haqiqiy ko‘lami yaqin kunlarda ayon bo‘lishini aytgan. U moliya vaziri bilan jabrlanganlarga yordam berish masalasini muhokama qilganini qo‘shimcha qilgan.


Tanlangan kalimalar: #Angela Merkel , #Germaniya , #Jo Bayden , #AQSh

Aloqador xabarlar