Ilhom Aliyev: Turk dunyosi bizning oilamizdir

Dasturimizning bugungi sonida Turk Respublikalarida qayd etilgan yangiliklar haqida soʻz qilamiz. Yevrosiyo kun tartibi - 8 (2024)

2105992
Ilhom Aliyev: Turk dunyosi bizning oilamizdir

Turk Respublikalarining Arab davlatlari bilan boʻlgan aloqalari kundan kunga rivojlanib bormoqda. O‘tgan hafta Qozog‘iston va Qirg‘iziston prezidentlari arab davlatlarida bo‘lib qaytdilar. Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov 2024 - yilning 12 – 14 fevrali kunlari Birlashgan Arab Amirliklariga amaliy tashrif uyushtirdi.

Sadir Japarov mazkur tashrifi doirasida Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri Rashid al Maktum, Energetika va infratuzilma vaziri Suhayl al - Mazrui bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Qirg‘iziston Prezidenti Japarov Dubayda bo‘lib o‘tgan X Jahon hukumatlari sammitida ishtirok etib, unda nutq so‘zladi. Prezident Japarov shuningdek Dubay Islom banki, Abu - Dabi taraqqiyot jamg‘armasi rahbarlari va BAA ishbilarmonlari bilan ham alohida - alohida uchrashuvlar o‘tkazdi.

Qozog‘iston Prezidenti Qasim - Joʻmart Toqayev 2024 - yilning 14 - fevrali kuni davlat tashrifi bilan Qatarga bordi. Prezident Toqayev Dohada tantanali marosim bilan kutib olindi. Qasim - Joʻmart Toqayev Qatar Amiri Tamim bin Hamad al – Soniy va Qatar Bosh vaziri Muhammad bin Abdulrahmon al – Soniy bilan uchrashdi. Muzokaralar yakunida ikki davlat oʻrtasida 9 ta shartnoma imzolandi. Tashrif doirasida qatarlik ishbilarmonlar bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Prezident Toqayev, Qatarning yetakchi ishbilarmonlari bilan ham alohida – alohida uchrashuvlar o‘tkazdi.

Oxirgi yillarda Turk Respublikalari bilan Arab davlatlari oʻrtasida yuqori darajada tez - tez uchrashuvlar uyushtirilmoqda. Fevral oyi boshida Vengriya Prezidenti Katalin Novak Qatarga tashrif uyushtirdi.

Boshqa tomondan Vengriya Prezidenti Katalin Novak, bolalarga zoʻravonlik qilganlikda ayblangan bir shaxsni afv etish bilan xato qilganini va Qatarga boʻlgan tashrifidan qaytganidan keyin oʻz lavozimidan iste’foga chiqqanini bildirdi. Vengriya parlamenti 30 kun ichida yangi prezident saylaydi.

***

2024 - yilning 7 - fevralida Ozarbayjonda boʻlib oʻtgan prezidentlik saylovida gʻalaba qozongan Ilhom Aliyev 2024 - yilning 14 - fevrali kuni Ozarbayjon Milliy majlisida qasamyod qilib, oʻz vazifasini boshladi. Prezident Aliyevning Milliy majlisdagi nutqi, Turk birligi jihatidan alohida oʻringa ega. Ilham Aliyev unda: “Birinchi navbatda, Turkiy Davlatlar Tashkiloti doirasidagi faoliyatimizni davom ettiramiz. Bu biz uchun ustuvor vazifa ekanini ochiq aytmoqchiman. Turkiy Davlatlar Tashkiloti biz uchun asosiy xalqaro tashkilotdir. Chunki Turk dunyosi bizning oilamizdir. Bizning boshqa oilamiz yoʻq. Turkiy Davlatlari Tashkiloti xalqaro maydonda muhim aktyor va kuch markaziga aylanishi uchun birgalikda harakat qilishimiz kerak. Biz bunga faqatgina birgalikda erishishimiz mumkin”. – degan ifodalarga oʻrin berdi. Prezident Aliyevning Turk dunyosi haqidagi bayonotlari Turk Respublikalari oʻrtasidagi integratsiyaning xalqaro maydonda qanchalik muhim ekanini yaqqol oʻrtaga qoʻydi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Prezident Aliyevning soʻzlari davomida neo - kolonializmga urgʻu bergani ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Qorabog‘ muammosi hal bo‘lgach, Ozarbayjon tarixida yangi sahifa ochilmoqda. Bundan buyon Ozarbayjon yetakchiligi koʻproq ishgʻoldan ozod qilingan hududlarni rivojlantirish va Prezident Aliyev ta’kidlaganidek Turk dunyosining xalqaro maydonda yanada kuchliroq boʻlishi uchun kuch sarf etadi.


Tanlangan kalimalar: #Turk dunyosi , #Ozarbayjon , #Ilhom Aliyev

Aloqador xabarlar