O’zbekiston delegatsiyasi TURKSOYga tashrif buyurdi

Shu kunlarda O’zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Yunus Rajabiy nomli O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti rektori Eldor Shermanov boshchiligidagi delegatsiya Anqara shahrida bo‘lib turibdi.

2231774
O’zbekiston delegatsiyasi TURKSOYga tashrif buyurdi

 

Ular xizmat safari doirasida Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) bosh kotibi o‘rinbosari Sayid Yusuf bilan uchrashdi.

Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan muloqotda O’zbekistonning mazkur xalqaro tuzilma faoliyatidagi muhim o‘rni haqida so‘z bordi.

Oliygoh bilan hamkorlik masalasi muhokama qilinib, o‘zbek maqomi, katta ashula va baxshichilik yo‘nalishlarida chop etilgan manbalarni bosqichma-bosqich turk tiliga tarjima qilishga kelishib olindi. Shuningdek, birgalikda institutda “Cultural Intelligence” – madaniy intellekt ilmiy laboratoriyasini ochish, 10 nafar professor-o‘qituvchilar uchun stajirovkani yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama etildi.

– Tashkilotimiz a’zo davlatlar madaniyati, san’ati va turmush-tarzini dunyoga tanitish yo‘lida faoliyat yuritadi, – dedi Sayid Yusuf O‘zA muxbiriga bergan intervyusida. – Bu jarayonda O‘zbekistonning o‘rni beqiyos. Shu nuqtai nazardan mamlakatingiz tarixi va madaniyatini jahonga tanitish asosiy vazifalarimizdan biridir. 

Suhbat davomida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning madaniyat va san’at yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari reytingini tuzuvchi alohida markaz ochish g‘oyasi ham ilgari surildi.

Xalqaro forumlar, madaniy tadbirlar jadvalini kengaytirish, san’at yo‘nalishidagi aloqalarni yanada rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.

 


Tanlangan kalimalar: #TURKSOY , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar