O‘zbekiston – Turkiya biznes forumi bo‘lib o‘tdi
Biznes-forumda ikki mamlakat vazirlik idoralari, tarmoq uyushmalari rahbarlari, 200 dan ortiq yirik ishlab chiqarish kompaniyasi vakillari hamda ekspertlar ishtirok etdi.
Turkiyaning “Ostim” sanoat zonasi boshqaruvi kengashi raisi O‘rxon Oydin boshchiligidagi kompaniyalar vakillaridan iborat delegatsiya shu kunlarda O’zbekistonda bo‘lib turibdi.
Mazkur tashrif davomida Toshkent shahrida O‘zbekiston – Turkiya biznes forumi hamda B2B formatidagi uchrashuvlar, O‘zbek-Turk sanoat zonasi 1-bosqichining ochilish marosimi ham o‘tkaziladi.
Biznes-forumda ikki mamlakat vazirlik idoralari, tarmoq uyushmalari rahbarlari, 200 dan ortiq yirik ishlab chiqarish kompaniyasi vakillari hamda ekspertlar ishtirok etdi.
Bunday forumlar tadbirkorlar uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratish, istiqbolli yo‘nalishlarda yangi loyihalar amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumki, Turkiya O‘zbekistonning asosiy strategik hamkorlaridan biridir. So‘nggi 5 yilda o‘zaro savdo aloqalari hajmi 1,3 barobar oshdi.
Davlat rahbarlari topshirig‘iga binoan, savdo ko‘rsatkichini 5 milliard dollarga yetkazish yo‘lida barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda qo‘shma korxonalar soni 1900 taga yetgan. O‘tgan yil O’zbekiston iqtisodiyotiga turk investitsiyasi asosida 1,2 milliard dollarlik sarmoya kiritildi.
Joriy yil 6 noyabrda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida raqamli iqtisodiyot bo‘yicha sheriklik bitimi imzolandi.
Turk kompaniyalari vakillari o‘zbekistonlik hamkorlar bilan aloqani rivojlantirishdan manfaatdor ekani, mintaqa iqtisodiyotiga sarmoya kiritishga tayyorligini bildirdi. Tomonlar qo‘shma korxonalar tashkil etish, sanoat sohasida hamkorlikni rivojlantirish istiqbolini muhokama qildi.
“Nafaqat sarmoya kiritish, balki ko‘p yil davomida to‘plagan boy tajribani baham ko‘rish ham muhim. Ma’lumki, “Ostim” shunchaki sanoat zonasi emas, balki mudofaa, ovchilik, energiya kabi turli sohalarning birgalikdagi ekotizimidir. Ishonamanki, bu model O‘zbekistonda namunali dasturga aylanadi, hamkorligimiz Turkiyadagi boshqa savdo-sanoat tuzilmalari uchun namuna bo‘ladi. Biz qonun doirasida barcha majburiyatlarni bajarishga tayyormiz”– deydi Turkiyaning “Ostim” sanoat zonasi boshqaruvi kengashi raisi O‘rxon Oydin.
Tadbirda Turkiyaning O’zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar, Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Najmiddinxo‘ja Sharipov, Anqara viloyati hokimi o‘rinbosari Jixangir Guler, Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov so’zga chiqdi.
Ular 2023 yil 15 dekabrda Prezident Shavkat Mirziyoyev qaroriga binoan Toshkent shahrida “Ostim” Global loyiha va texnologiya aksiyadorlik jamiyati ixtiyoriga berilgan 100 gektar maydonda O‘zbek-Turk sanoat zonasi barpo etilayotgani, hamkorlikda umumiy qiymati 1,2 milliard dollarlik investitsiya loyihasi amalga oshirilayotganini ta’kidlab, 200 ming ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallanayotganiga to‘xtaldi.
Ishbilarmon doira vakillari mazkur hamkorlik loyihasiga jiddiy qiziqish bildirdi. Bu jarayonda O’zbekistonga taklif qilinadigan Turkiyaning 1000 ga yaqin kompaniyasi uchun zarur sharoit yaratilib, jahon standartiga mos tarzda ish olib borish imkoni yaratiladi.
Konferensiya O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatni mustahkamlash, ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi.
Tadbirlardan so‘ng ikki mamlakat ishbilarmonlari O‘zbek-Turk sanoat zonasini ko‘zdan kechirishdi.
Aloqador xabarlar
Ozarbayjon Havo yo‘llariga oid samolyot Qozog‘istonda halokatga uchradi
Ozarbayjon Havo yo‘llariga oid yo‘lovchi samolyoti Qozog‘istonda halokatga uchradi.