O'zbekiston Turkiya oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik qiladi
Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazilgan Turkiya – O‘zbekiston uchinchi ta’lim forumida Andijon davlat universiteti va Turkiyaning qator oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Kuni kecha Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazilgan Turkiya – O‘zbekiston uchinchi ta’lim forumida Andijon davlat universiteti va Turkiyaning qator oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Forum doirasida Andijon davlat universiteti rektori, texnika fanlari doktori Baxtiyorjon Akbaraliyev Turkiyaning Ege universiteti rektori Nejdet Budak, Marmara universiteti rektori Mustafo Kurt bilan ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi. Muzokaralarda qator yo‘nalishlarda amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi, taqdimotlar bilan tanishildi, istiqboldagi chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shuningdek, forum davomida universitet rektori Turkiyaning Isparta universiteti rektori Yilmaz Chatal bilan ham uchrashdi.
Uchrashuvda ikki oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida qo‘shma ta’lim loyihalarini amalga oshirish, o‘qituvchi va talabalarning akademik almashuvini yo‘lga qo‘yish, oliy va professional ta’limda o‘quv jarayonlarini hamkorlikda o‘tkazish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, tajriba almashish, hamkorlikda ilmiy anjumanlar va loyihalarni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishilib, memorandum imzolandi.
Andijon davlat universitetining xorijiy, xususan, Turkiya oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorligi o‘qitish, malakali mutaxassislar tayyorlash jarayonida xalqaro me’yor va andozalarning kirib kelishiga, xalqaro integratsiyaning jadal rivojlanishiga yordam beradi.