O'zbekiston elchixonasida bo'lajak parlament sayloviga tayyorgarlik muhokama qilindi
O'zbekistonning Turkiyadagi elchixonasida joriy yil 27-oktyabr kuni bo'lib o'tadigan O'zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ishlari qizg'in davom etmoqda.
O'zbekistonning Turkiyadagi elchixonasida joriy yil 27-oktyabr kuni bo'lib o'tadigan O'zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ishlari qizg'in davom etmoqda.
O'zbekiston Markaziy saylov komissiyasi yig'ilishi qaroriga muvofiq, mamlakatimizning 39 ta chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 56 ta saylov uchastkalari tuzilishi belgilandi.
Shu munosabat bilan, ushbu saylovni o'tkazish bo'yicha elchixonaning ishchi guruhi yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Yig'ilish kun tartibida bo'lajak saylovga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, Turkiyaning yirik shaharlarida O'zbekiston fuqarolarining muddatidan oldin ovoz berishini tashkil etish masalalari o'rin oldi.
O'zbekistonning Anqaradagi elchixonasi huzurida saylov uchastkasini tashkil etish, saylov jarayonini ochiq va oshkora o'tkazilishini ta'minlash muhimligi ta'kidlandi.
Qayd etilganidek, saylov uchastkasi va muddatidan oldin o'tkaziladigan ovoz berish nuqtalari saylovchilarni qabul qilish uchun zarur jihozlar bilan ta'minlangan.
Shuningdek, elchixonaning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida O'zbekiston Markaziy saylov komissiyasi hamda diplomatik vakolatxona tomonidan saylovga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish jarayoni bilan bog'liq materiallar keng tarqatilayotgani ma'lum qilindi.
Yig'ilish davomida saylov uchastkalarida saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berishini tashkil etish to'g'risidagi masala alohida ko'rib chiqildi. Xususan, Turkiyaning Alaniya, Antaliya, Mersin va Karabuk shaharlarida muddatdan oldin ovoz berish nuqtalari tashkil etilishi ma'lum qilindi.
Yig'ilishda diplomatik vakolatxona xodimlaridan iborat guruhlar tashkil etilib, ular muddatidan oldin ovoz berish nuqtalariga biriktirildi.
O'zbekiston elchixonasi Turkiyada vaqtincha va doimiy ravishda yashab kelayotgan vatandoshlarimizni 27-oktabr kuni bo'lib o'tadigan saylovda faol qatnashish va o'z konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga chaqiradi.