Turkiy adabiyot durdonalarini arab tiliga tarjima qilish masalasi muhokama qilindi

O'zbekiston elchixonasida Qohira shahridagi Yunus Emre nomidagi Turk madaniyati markazi direktori Emin Boyraz bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.

2194361
Turkiy adabiyot durdonalarini arab tiliga tarjima qilish masalasi muhokama qilindi

 

O'zbekiston elchixonasida Qohira shahridagi Yunus Emre nomidagi Turk madaniyati markazi direktori Emin Boyraz bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.

Suhbat davomida umumturkiy madaniyatni Misrda va boshqa arab davlatlarida targ'ib etish istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar buyuk shoir va mutafakkir, davlat arbobi Mir Alisher Navoiy to'g'risida arab dunyosida ma'lumotlar nihoyatda kamligini taassuf bilan qayd etdilar. Shu paytga qadar turk mumtoz adabiyoti durdonalari, g'azal va ruboiylari arab tiliga yetarli darajada o'girilmagan.

Muloqot chog'ida ushbu yo'nalishda yaqindan hamkorlik qilish va sa'y-harakatlarni birlashtirish imkoniyatlari xususida fikr almashildi. Jumladan, O'zbekiston va Turkiya olimlari, Misrdagi turkiyshunoslar ko'magida Alisher Navoiyning "Xamsa" asarini arab tiliga tarjima qilish istiqbollari ko'rib chiqildi va ushbu yo'nalishda adabiy aloqalarni o'rnatishga kelishib olindi.

Shuningdek, tomonlar Navoiy va uning ijodi, al-Farg'oniy tomonidan loyihalashtirilgan Qohira Nilometri va eski Qohiradagi Ibn Tulun masjidiga oid arab va ingliz tillarida hujjatli filmlar suratga olish muhimligini ta'kidladilar.

Uchrashuv yakunida O'zbekiston elchixonasi ko'magida arab tilida chop etilgan Zahiriddin Muhammad Boburning "Boburnoma" asari va Abdulla Qodiriyning "O'tkan kunlar" romani Turk madaniyati markazi kutubxonasiga taqdim etildi.


Tanlangan kalimalar: #Xamsa , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar