Yevrosiyo kun tartibi-49
Dasturimizning bugungi sonida Turkiy Respublikalar kun tartibidagi muhim voqealarga to‘xtalamiz.
Markaziy Osiyodagi Turkiy Respublikalarining Yevropa davlatlari bilan aloqalari kundan kunga yaxshilanib bormoqda. Qozog'iston Prezidenti Qosim-Jo’mart To’qayevdan keyin Qirg'iziston Prezidenti Sadir Japarov ham o'tgan hafta Yevropa davlatlariga rasmiy tashrif bilan keldi. Keling endi, ushbu muhim voqealarning tafsilotiga bir nazar tashlaylik!
2024-yilning 24-27-noyabr kunlari Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov rasmiy tashrif bilan Avstriya va Germaniyada bo‘ldi. Prezident Japarov 25-noyabr kuni Avstriya Prezidenti Aleksandr Van der Bellen, Bosh vazir Karl Nexammer va parlament spikeri Valter Rosenkranz bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralar natijasida ikki davlat oʻrtasida 6 ta shartnoma imzolandi.
Avstriyadan Germaniyaga jo’nab ketgan Prezident Japarov, poytaxt Berlinda mamlakat Prezidenti Frank-Walter Steinmeier va Bosh vazir Olaf Scholz bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o'tkazdi.
Muzokaralar natijasida Qirg‘iziston va Germaniya o‘rtasida 17 ta shartnoma imzolandi. Tashrif doirasida Prezident Japarov Germaniyaning yetakchi ishbilarmonlari bilan uchrashib, Qirg‘izistonga investitsiya kiritish imkoniyatlari haqida gapirdi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin shu yilning 27-28-noyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Qozog‘istonda bo‘ldi. Vladimir Putin poytaxt Ostonada rasmiy marosim bilan kutib olindi. Tor doirada va delegatsiyalararo uchrashuvlar natijasida Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasida 19 ta shartnoma imzolandi.
Qozog'iston Prezidenti Qosim-Jo’mart To’qayev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tomonidan imzolangan qo'shma deklaratsiyaning 36 moddadan iborat bo'lishi Putinning Qozog'istonga tashrifi samarali bo'lganidan dalolatdir.
Tashrif doirasida davlat rahbarlarining ishtirokida Rossiya Federatsiyasiga qarashli Boshqirdiston Respublikasining poytaxti Ufa shahrida XX-Qozog‘iston-Rossiya mintaqalararo hamkorlik forumi, Omsk shahrida “Al Farobiy” nomidagi Qozog‘iston Milliy universiteti filialining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Eslatish joizki, Qozog‘istonda Rossiyaning yetti nafar oliy o‘quv yurtining filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Joriy yilning 28-noyabr kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti sammiti bo‘lib o‘tdi.
Sammitda Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya Federatsiyasi va Tojikiston prezidentlari ishtirok etdi. Shuningdek, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi va Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti bosh kotiblari ishtirok etdi.
Sammitning eng muhim natijasi Tojikiston-Afg‘oniston chegarasini mustahkamlash dasturining imzolanishi bo‘ldi.
Joriy yilning 29-noyabr kuni Rossiya Federatsiyasiga qarashli Saxa Respublikasi Prezidenti Aysen Nikolayev amaliy tashrif bilan Qirg‘izistonga bo’ldi. Nikolayev poytaxt Bishkekda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashdi
Joriy yilning 26-noyabrda Turkiy Davlatlar Tashkiloti va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sanoatni rivojlantirish tashkiloti oʻrtasida qoʻshma deklaratsiya imzolandi. Deklaratsiya institutlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Joriy yilning 29-noyabr kuni Vengriya poytaxti Budapeshtda Turkiy Davlatlar Tashkiloti Oqsoqollar Kengashining 16-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda tashkilotga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlardan Oqsoqollar kengashi a’zolari ishtirok etdi. Oqsoqollar kengashi a’zolari Vengriya Milliy majlisida ham bo‘ldi.
Joriy yilning 27-noyabr kuni TURKSOY Bosh kotibi Sulton Raev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Sivilizatsiyalar Alyansining 10-Global Forumida ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
Voqealardan ko'rinib turibdiki, xalqaro turk tashkilotlari global miqyosda faoliyatlarini davom ettirmoqda.