Turkiy tilining sehrli dunyosi - 12

Dasturimizning bugungi sonida halach turklari, halach turklari yashagan joy va halach tili haqida ma’lumot boʻlishamiz.

2189336
Turkiy tilining sehrli dunyosi - 12

Halach turkchasi turkiy tilining argu guruhining bugungi kundagi yagona izdoshidir. Ham bu hamda qadimgi turkiy tilining arxaik xususiyatlarini o‘zida mujassam etishi jihatidan zamonaviy turkiy tillari orasida alohida o‘ringa ega. Halach turkchasining haligacha borligi Germaniyaning Gettingen universiteti turkologiya boʻlimining (Gerxard Doerfer va uning jamoasi) 1968 - yili Eronga uyushtirgan ilmiy - tadqiqot safari chogʻida oʻrtaga chiqdi.

Halach turkchasida so‘zlashuvchi halach turklari ijtimoiy - tarixiy jarayon davomida turli hududlarda goh katta, goh kichik guruh bo‘lib boshqa xalqlar bilan aralash tarzda yashagan bo‘lsalar – da bugungi kunda o‘z ona tillarini saqlab qolgan halach turklari yashagan yagona joy Eron ekani aytilmoqda. Halach turklari Erondan tashqari Turkiya va Turkmanistonda katta guruh sifatida bo‘lmasa – da oʻzlarini halach turklari deb tanishtirgan juda oz sonli aholi bor. Bundan tashqari Turkiyaning Ag‘ri viloyatiga qarashli Do‘g‘ubeyazit tumanida, Nig‘de viloyatiga qarashli Bor tumanida va Sakariya viloyatiga qarashli Hendek tumanida «Halach» deb nomlangan uchta qishloq; Bolu viloyatining Gerede tumani va Ushak viloyatining Banaz tumanida esa «Halachlar» deb nomlangan ikkita qishloq bordir.

Halach turklari haqidagi ilk maʼlumotni Oʻgʻuznoma dostonining uygʻur va fors tilidagi nusxalaridan olamiz. Ayniqsa, X - XIV asrlarda Islom geograflari bilan olimlari nomi tilga olingan turklar haqida ma’lumot berganlar. Bundan tashqari, numizmatik topilmalar ham bu borada bizni yorituvchi muhim manbalar hisoblanadi. Bu manbalarda halachlar «Kalach, Halach, Hiljiy, Halajiy» degan nomlar bilan tilga olinadi. Ular yashayotgan geografik mintaqa esa bugungi Afgʻoniston shimolida, Tojikiston va Oʻzbekistonning janubiy viloyatlarida joylashgan hududni qamrab olgan tarixiy Toxariston olaroq koʻrsatilgan. Halachlar Amudaryoning janubida juda erta oʻrnashgan turklar qatoriga kiradi.

Amudaryoning janubida eng avvalo VII asrning oxirgi choragida Samingan viloyatidan topilgan ikkita Baktriya hujjatida halach turklari «Xalaso» degan nom bilan qayd etilgan. Xitoy yilnomalarida esa (Xin - Tangshu) ular «Hedaluozhi» yoki «Gedaluozhi» degan nomlar ostida uchraydi. Ularning tarixiy izini Amudaryoning janubida qoʻlga kiritilgan va Braxmi tilida qalamga olingan «Hitivira Kharalaca», ya’ni «Halach ilteberi» yozuvi joy olgan tangalar orqali ham kuzatish mumkin. Ularning kelib chiqish tatixi haqida turli fikrlar mavjud. Shulardan biri, to‘g‘rirog‘i eng muhimi ularning karluklar bilan bir qabila ekani va eftaliylarning qoldiqlari ekani haqida berilgan ma’lumotlardir. Bu koʻz qarashlardan tashqari ularning o‘g‘uzlarga mansub ekanini ta’kidlagan tarixchilar ham bor.

Halach turkchasini birinchi marta tilga olgan olim, XI asrda yashab ijod qilgan buyuk Turkolog Mahmud Qashqariydir. Buyuk turkolog oʻzining «Divanu Lugati’t – Turk» deb nomlangan asarida halach turklari haqida gapirib, ularning tilidan misollar keltirgan. Bu misollarning aksariyati bugungi halach turkchasiga mos kelmoqdadir.

Halach turkchasi yuzyillar oʻtib, yaʼni 1906 - yili Eron tillari boʻyicha mutaxassis Vladimir Minorskiyning e’tiborini tortib, shu bahona halach turkchasiga oid materiallar toʻplandi. Keyinchalik eronlik tarixchi va tilshunos Muhammad Mogaddem, halachlar va halach turkchasi borasida tadqiqot ishlari olib bordi. Louis Bazinning 1969 - yildagi ilmiy ishi ortidan nemis Turkologi Gerhard Doerfer shogirdlari Semih Tezjan, Wolfgang Hesche va Heinrich Scheinhardt 1968 - 1973 yillar orasida halach turkchasi ustidan muhim ilmiy - tadqiqot ishi olib bordi.

Gerhard Doerfer va uning jamoasining bu faoliyati, bugungi Turkologiya jamoatchiligida «Halach turklarining qayta kashf etilishi» sifatida baholandi. Chunki nomi tilga olingan davrga qadar halach turkchasi shunchaki Eronda so‘zlashiluvchi turk lahjalaridan biri sifatida qaralib, turkiy tillarining janubi - g‘arbiy yoki o‘g‘uz guruhiga kiritilar edi. Doerfer va uning shogirdlari olib borgan keng qamrovli izlanishlari natijasida halach turkchasining o‘ziga xos hususiyati, hatto, Mahmud Qashqariy tilga olgan va qadimgi turkiy tilining argu guruhining bugungi kundagi yagona izdoshi ekani aniqlandi.

Halach turkchasi zamonaviy turkiy tillari sohasining geografik va lingvistik tamoyillariga koʻra oʻgʻuz guruhiga yaqin boʻlsa - da, oʻziga xos xususiyatlari jihatidan turkiy tilining alohida bir tarmogʻi sifatida qaralmoqda. Bugungi kunda 51 000 kishi tomonidan so‘zlashilgani taxmin qilingan halach turkchasi rasmiy til maqomiga ega emas. Asosan Eronning Ashtiyon, Feraxon, Tefresh shaharlarida 29 ta, Qum shahrida esa 31 ta halach qishlogʻi bor.

Bugungi kunda halach turkchasida soʻzlashuvchilar yuqorida nomi tilga olingan qishloqlarda yashovchi oʻrta va undan katta yoshdagi, asosan boshlangʻich va oʻrta maktabgacha ta’lim olgan, dehqonchilik va chorvachilik bilan tirikchilik qiluvchi halach turklaridir. Katta shaharlarda yashovchi halach yoshlari esa o‘z ona tilidan foydalanish o‘rniga mamlakatning rasmiy tili bo‘lmish fors tilidan foydalanishni afzal ko‘radilar. Shu sababli zotan rasmiy til maqomiga ega boʻlmagan, ogʻzaki yoki soʻzlashuv tili sifatida yashagan va soʻzlashuvchilar soni kundan - kunga kamayib borayotgan halach turkchasi, UNESCOning 2010 – yili chop etgan yoʻqolib borayotgan tillar atlasida «himoyasiz tillar» qatoriga kirib qolgan.

***

Mazkur dastur filologiya fanlari boʻyicha professor doktor Gulsum Killi Yilmaz bilan maslahatlashilgn holda filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori kamina Saida BURKHANIDINOVA tomonidan tayyorlandi.

 



Aloqador xabarlar