Erdo‘g‘an Isroil-Eron mojarolariga munosabat bildirdi

Turkiya Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an Isroilning Eron hududiga bergan so‘nggi zarbalari haqidagi ikki tomonning bayonotlaridan qay biri to‘g‘ri ekanini bilmasligini aytdi.

2129999
Erdo‘g‘an Isroil-Eron mojarolariga munosabat bildirdi

 

Turkiya Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an Isroilning Eron hududiga bergan so‘nggi zarbalari haqidagi ikki tomonning bayonotlaridan qay biri to‘g‘ri ekanini bilmasligini aytdi.

Bu haqda Erdo'g'an bugun, 19 aprel kuni Istanbulda juma namozidan keyin matbuotning savollariga javob berayotganida so‘z ochdi.

"Hozirda Isroil va Eron turli gaplarni aytmoqda. Hech qanday mas’uliyat yo‘q, tushuntirish yo‘q. Eronning bayonotlaridan kelib chiqib, uni rost gapiryapti, deyish mumkin emas. Isroil haqida esa umuman bunday deb bo‘lmaydi", deydi Turkiya rahbari.

Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, AQSH haqida ham xuddi shunday deyish mumkin.

“Biz BMT Xavfsizlik Kengashida Amerika Isroil tomonida ekanini ko‘ramiz. Hamma Falastinni qo‘llab-quvvatlasa-da, AQSH so‘nggi bayonotlarga qaraganda, Isroil tomonini olishda davom etmoqda. Biz boshqa hech narsani kutmagandik va buni yana bir bor tekshirish imkoniga ega bo‘ldik ", deydi Erdo‘g‘an.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi esa Isroil va Eronni ular o‘rtasidagi ziddiyatning doimiy mojaroga aylanib ketishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan qadamlardan tiyilishga chaqirgan.

"So‘nggi voqealardan kelib chiqqan holda, Isroilning Damashqdagi Eron elchixonasiga noqonuniy hujumi oqibatida yuzaga kelgan keskinlik doimiy mojaroga aylanib borishi xavfi borligi tobora oydinlashmoqda. Biz barcha tomonlarni mojaro chegarasining kengayishiga olib keladigan qadamlardan tiyilishga chaqiramiz”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Eron OAVlari Eron harbiy-havo kuchlari bazasi joylashgan Isfaxon viloyati shimoli-sharqida portlash ovozlari eshitilgani haqida xabar bergan edi.

Buning ortidan poytaxt Tehron Isfaxon va Sheroz va boshqa Eronning ayrim hududlarida aviaqatnovlar to‘xtatilgani ma’lum qilindi.

Amerika matbuoti Isroil Eron hududiga hujum uyushtirganini e'lon qilgan edi.


Tanlangan kalimalar: #Isroil , #Eron , #Turkiya , #Erdo'g'an

Aloqador xabarlar