Turkiya va Tanzaniya o'rtasida 6 ta shartnoma imzolandi

Tanzaniya Birlashgan Respublikasi Prezidenti Samiya Suluhu Hasan davlat tashrifi bilan Turkiyaga keldi. Prezident saroyida Oliy martabali mehmon sharafiga rasmiy kutib olish marosimi o’tkazildi.

2129571
Turkiya va Tanzaniya o'rtasida 6 ta shartnoma imzolandi

 

Tanzaniya Birlashgan Respublikasi Prezidenti Samiya Suluhu Hasan davlat tashrifi bilan Turkiyaga keldi.

Prezident saroyida Oliy martabali mehmon sharafiga rasmiy kutib olish marosimi o’tkazildi. Kutib olish marosimida faxriy qorovul saf tortdi va ikki mamlakat davlat bayroqlari ko‘tarildi.

Qayd etilishicha, oliy darajadagi muzokaralarda yetakchilar Turkiya-Tanzaniya munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi, xalqaro va mintaqaviy darajadagi hamkorlik yuzasidan fikr almashdi.

Kunning ikkinchi yarmida uchrashuv va muzokaralar yakunlari bo’yicha qo’shma matbuot anjumani o’tkazildi.

Anjumanda so’zga chiqqan Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’an Turkiyaning Afrika tashabbusi qit'a davlatlari tomonidan mehr bilan kutib olinayotganidan xursand ekanligini ifoda etdi.

Erdo’g’an o’z nutqida munosabatlarning o’zaro hurmat va g’alaba qozonish tamoyillari doirasida kundan-kunga rivojlanayotganiga e’tibor qaratdi.

"Oʻzaro savdo va sarmoyani oshirish boʻyicha qanday qadamlar qoʻyilishi mumkinligini muhokama qildik. Oʻtgan yili oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 345 million dollarga yetdi. Bunga qaramay, hozirgi raqamlar haqiqiy salohiyatimizni aks ettirmaydi. Biz birinchi bosqichda savdo hajmini 1 milliard dollarga oshirishni maqsad qilganmiz”,-deydi Turkiya prezidenti.

Afrika qit'asining yuragida alohida o'rni borligini tilga olgan Erdo'g'an, Bosh vazirlik va Prezidentlik davrida qit'aga 50 dan ortiq tashrif amalga oshirganini eslatdi.

Prezident shuningdek, Turkiyaning Afrikadagi tashabbusi qit’a davlatlari tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilinganidan xursand ekanini alohida ta’kidlab o’tdi.

"Bizning qit'a bilan aloqalarimizni savdodan ta'limgacha, qishloq xo'jaligidan sog'liqni saqlashgacha bo’lgan har sohada yaxshilash bo'yicha qat'iyligimiz saqlanib qolmoqda. Biz Afrikaning ovozini xalqaro platformalarda ko'proq eshittirishga hissa qo'shmoqchmiz”,-dedi Erdo’g’an.

Tanzaniya Birlashgan Respublikasi Prezidenti Samiya Suluhu Hasan Turkiyada shaxsan o’ziga va delegatsiya a’zolariga ko’rsatilgan samimiy mehmondo’stlik uchun Turkiya va turk xalqiga minnatdorlik bildirdi.

Tanzaniya hukumati ikki davlat o’rtasidagi manfaatli aloqalarni rivojlantirishga sodiqligini yana bir bor ta’kidlagan Prezident Hasan, “Turkiya haqiqatdan ham juda qimmatli hamkor va bu yerga tashrifim bu hamkorlikka qanchalik ahamiyat berishimizni tasdiqlaydi” dedi.

Tanzaniya prezidenti o’z nutqi davomida Turkiya prezidenti Erdog'anni o'z mamlakatiga taklif qildi.

Tashrif doirasida, Turkiya Respublikasi bilan Tanzaniya Respublikasi o‘rtasida investitsiyani rag‘batlantirish va ko‘maklashish, arxivlar, oliy ta’lim va oliy ta’lim stipendiyalari sohalarida 6 ta shartnoma imzolandi.


Tanlangan kalimalar: #Erdo'g'an , #Tanzaniya , #Turkiya

Aloqador xabarlar