Turkiya va Misr o'zaro savdo hajmini 15 mlrd dollarga yetkazishga kelishib oldi

“Ming yillik mushtarak tarix va madaniyatga ega bo’lgan Turkiya va Misr, bu chuqur merosdan olgan kuch bilan munosabatlarini munosib darajaga ko’tarishga intilmoqda”,- deydi Turkiya yetakchisi.

2102460
Turkiya va Misr o'zaro savdo hajmini 15 mlrd dollarga yetkazishga kelishib oldi

 

Turkiya Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an 12 yil oradan so'ng, kecha, 14 fevral kuni Misrga rasmiy ziyorat amalga oshirdi. Oliy martabali mehmon Misr yetakchisi Abdulfattoh as-Sisi va rafiqasi tomonidan Qohira xalqaro aeroportida kutib olindi.

Misr va Turkiya bayroqlari bilan bezatilgan maydonda oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Ikki mamlakat madhiyalari yangradi.

Davlat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar. Birgalikda suratga tushilgach, oliy darajadagi muzokaralar boshlandi.

Muzokaralarning asosiy kun tartibi Turkiya va Misr o'rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga qaratildi. Yuqori darajadagi ikki tomonlama hamkorlik mexanizmlarini jonlantirish doirasida tashlanadigan qadamlar muhokama qilindi.

Shuningdek, savdo, mudofaa, energetika, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlik imkoniyatlari ko'zdan kechirildi. Muzokaralarda dolzarb mintaqaviy masalalar, jumladan Isroilning Falastinga sodir etayotgan hujumlari ham muhokama qilindi.

Kunning ikkinchi yarmida muzokaralar yakunlari bo'yicha qo'shma matbuot anjumani o'tkazildi.

Erdo'g'an anjumanda so'zlagan nutqida Turkiya va Misr munosabatlari ming yildan ortiq tarix va madaniyatga ega ekanligini aytdi.

“Ming yillik mushtarak tarix va madaniyatga ega bo’lgan Turkiya va Misr, bu chuqur merosdan olgan kuch bilan munosabatlarini munosib darajaga ko’tarishga intilmoqda”,- deydi Turkiya yetakchisi.

"Aziz birodarimni Kengash yig'ilishimizni o'tkazish uchun tez fursatda Anqarada kutishimni aytdim. Ushbu tashrif munosabatlarimizda yangi burilish nuqtasi bo'lishiga ishonaman. Savdo va iqtisodiyot hamkorligimizning lokomotivini tashkil etadi. Bugungi maslahatlashuvlarimizda qisqa vaqt ichida savdo hajmini 15 milliard dollarga yetkazishga kelishib oldik. 3 milliard dollarga yaqinlashib qolgan sarmoyalarimizni ham oshirishga qaror qildik. Uchrashuvlarimiz davomida biz bu boradagi qo‘shimcha qadamlar haqida fikr almashdik",- deydi Erdo'g'an.


"Mudofaa sanoati jiddiy salohiyatga ega bo'lgan yana bir sohadir. Misr mudofaa sohasiga katta sarmoya kiritmoqda. Misr bilan kuchlarimizni birlashtirib, qo‘shma loyihalar ishlab chiqishimizga ishonaman. Shuningdek, suyultirilgan tabiiy gaz, yadroviy va qayta ishlab chiqariladigan energiya sohalarida hamkorligimizni rivojlantirish imkoniyatlarini ko'zdan kechirdik”,- deb qo'shimcha qilgan Erdo'g'an.

Prezident shuningdek, Misr bilan turizm, ta’lim va madaniyat sohalarida mavjud aloqalarni yanada kuchaytirish uchun harakat qilishlarini bildirdi.

Qohiradagi "Yunus Emre" instituti dunyoda turk tili kurslariga bo'lgan e'tiborni yanada kuchaytirganini ta’kidlagan Erdog’an, o’tgan yili 22 ming misrlik talaba turk tili kurslariga kirish uchun ro’yxatdan o’tgani quvonarli ekanini ta’kidladi.


Tanlangan kalimalar: #Erdo'g'an , #Misr , #Turkiya

Aloqador xabarlar