Turkiya Markaziy banki rahbari korrupsiya ayblovlari ortidan iste’foga chiqdi

U Turkiya Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘anga o‘z iste’fosini yo‘lladi. Bu haqda Hafize Gaye Erkan ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma'lum qildi.

2097661
Turkiya Markaziy banki rahbari korrupsiya ayblovlari ortidan iste’foga chiqdi

 

Turkiya Markaziy banki rahbari Hafize Gaye Erkan korrupsiya ayblovlari tufayli iste’foga chiqdi. U Turkiya Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘anga o‘z iste’fosini yo‘lladi.

Bu haqda Hafize Gaye Erkan ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma'lum qildi.

Turkiya Prezidenti Erkanning sobiq o‘rinbosari, avval Nyu-York Federal zaxira bankida ishlagan va Amazon’ning bosh iqtisodchisi bo‘lgan Fotih Karahanni Markaziy bankning yangi rahbari etib tayinladi.

Hafize Gaye Erkan ilgari uzoq vaqt AQSHda yashagan va Goldman Sachs, Marsh McLennan va First Republic Bank kabi Amerika banklarida ishlagan. U Turkiya Markaziy bankini boshqargan birinchi ayol bo‘ldi va 2023 yilning yozida unga rahbarlik qilib, yuqori inflyatsiyaga qarshi kurash uchun asosiy stavkani keskin oshirishni boshladi. Bank oxirgi marta yanvar oyi oxirida stavkani oshirib, uni 45 foiz qilib belgilagan edi. O‘tmishda Erdo‘g‘an uzoq yillar davomida bunday moliyaviy siyosatga qarshi chiqqan edi.

Erkanning iste’fosi oldidan Turkiya matbuotida mamlakat bosh bankirining "qarindosh-urug‘chilik"ka yo‘l qo‘ygani haqidagi xabarlar tarqaldi. Ularda aytilishicha, Erkanning otasi bank hisobidan ofis, xizmat mashinasi va qo‘riqchidan foydalangan. 

Hafize Gaye Erkan o‘zining iste’fo maktubida "unga qarshi keng ko‘lamli obro‘siga putur yetkazish kampaniyasi uyushtirilganidan" shikoyat qilgan. Markaziy bank rahbari lavozimini bo‘shatishga qaror qilib, u “oilasiga va bir yarim yoshli bolasiga zarar yetkazilishining oldini olishga harakat qilayotgani”ni bildirgan.


Tanlangan kalimalar: #Markaziy bank , #Turkiya , #Hafize Gaye Erkan

Aloqador xabarlar