Shimoliy Kipr Turk Respublikasi prezidenti O'zbekistonga tashrif buyurdi

Shimoliy Kipr Turk Respublikasi (SHKTR) Prezidenti Ersin Tatar bugun, 9 noyabr kuni poytaxt Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammitida ishtirok etadi.

2062209
Shimoliy Kipr Turk Respublikasi prezidenti O'zbekistonga tashrif buyurdi

 

Turkiyadan o‘zga hech bir mamlakat tomonidan tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi (SHKTR) Prezidenti Ersin Tatar bugun, 9 noyabr kuni poytaxt Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammitida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Ersin Tatarning ushbu sammitda ishtirok etishi va Toshkentga kelayotgani haqida rasmiy manbalar tomonidan xabar berilmagan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan IHT sammiti o‘tkazilishiga doir xabarda ham SHKTRdan vakil ishtirok etishi haqida so‘z bormagan. 

Shuni alohida qayd etish o‘rinliki, joriy yilning 2-3 noyabr kunlari Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkilotining X sammitida ishtirok etgan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an sammitdagi nutqida, Shimoliy Kipr Turk Respublikasini qo'llab-quvvatlab, uning Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga ham kuzatuvchi bo‘lib qo‘shilishini TDTning boshqa yetakchilari qo‘llab-quvvatlashini so‘ragan edi. 

“Oila kengashimiz o‘tgan yili Samarqanddagi sammitimizda Shimoliy Kipr Turk Respublikasiga bir ovozdan kuzatuvchi a’zo maqomi berib, tarixiy qaror qabul qildi. Ushbu qarorni qabul qilishda qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun sizga yana bir bor minnatdorlik bildirmoqchiman”, degan Erdo‘g‘an sammitdagi nutqida. 

Uning qayd etishicha, turkiy dunyo bu qaror bilan yakkalanib qolgan bo‘lsa-da, vatanidan voz kechmagan Kipr turklarining yolg‘iz emasligini barchaga ko‘rsatgan.  

Erdo‘g‘an so‘zida davom etib, Shimoliy Kipr Turk Respublikasini “Buyuk Turkiy oilaning ajralmas bir qismi” deb atadi. 

“Buyuk Turkiy oilaning ajralmas bir qismi bo‘lgan Kipr turklari bilan birdamlikda harakat qilish bizning farzimizdir. Keyingi sammitimizda Shimoliy Kipr Turk Respublikasini ham qaror qilganimizdek kuzatuvchi a’zo sifatida oramizda ko‘rishimizga ishonaman. Men bu boradagi zukko rahbarligingizga ishonaman", deydi Erdo‘g‘an.  

Turkiy davlatlar tashkilotining X sammiti yakunlari bo‘yicha davlat rahbarlari tomonidan imzolangan deklaratsiyada turkiy dunyoning ajralmas qismi bo‘lgan Shimoliy Kipr Turk Respublikasining Turkiy davlatlar parlament assambleyasi va Turkiy savdo-sanoat palatalari ittifoqida kuzatuvchi maqomi hamda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotida kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lishi qayd etilgan.

 



Aloqador xabarlar