“Turkiya Asri”da Respublikamizning ikkinchi asrini “taraqqiy etish” davriga aylantiramiz

Turkiya Prezidenti huzuridagi Kommunikasiya boshqarmasi boshlig‘i Faxrettin Altunning Turkiya Respublikasining 100 yilligiga bag‘ishlangan maqolasi chop etildi.

2057507
“Turkiya Asri”da Respublikamizning ikkinchi asrini “taraqqiy etish” davriga aylantiramiz

 

Xalqimiz 100 yil oldin xuddi bugungi sanada, ajdodlarimiz 900 yil mobaynida yashab kelgan Anadolu zaminida bizni tamomila yo‘q qilmoqchi bo‘lganlarga qarshi Chanoqqal’a yoki Al-Qutda bo‘lgani kabi, uzoq davom etgan jangdan so‘ng qayta kuch to‘pladi va milliy ozodlik kurashida g‘alabaga erishdi. Mustaqillik ruhi bilan barpo etilgan Onado‘lidagi uchinchi buyuk davlat sanalmish Turkiya Respublikasi juda ko‘p qiyinchilik va kurashni ko‘rgan, istiqlol urushida zafarga yetgan birlik va hamjihatlik mahsuli hisoblanadi.

Turkiya Respublikasi e’lon qilinishi bilan ta’limdan iqtisodiyotga qadar keng qamrovli tiklanish davri boshlandi. Mamlakatni dunyoga tanitgan ko‘plab muvaffaqiyatlar poydevori shu davrda qo‘yildi.

Qishloq xo‘jaligi, sanoat, ta’lim, sog‘liqni saqlash, transport, demokratik huquq va erkinlik kabi xalq turmush darajasini ko‘taradigan ko‘plab sohalar Turk millati va davlati tom ma’noda oyoqqa turishi uchun safarbar qilindi.

Xalqimiz birin-ketin ko‘p qiyinchiliklarni, ulkan to‘siqlarni yengib o‘tib, Respublika 100 yillik yubileyiga faxr bilan olib keldi. Ayniqsa, oxirgi 20 yilda istiqlol va istiqbol mujdasiga ega millatimiz to‘kkan ter, qilgan sa’y-harakat, namoyish etgan fidoyilikni munosib taqdirlash uchun Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an tomonidan ilgari surilgan yangi g‘oyalar bilan birga yangi asrga qadam tashlandi.

Mamlakatimizni maqsadiga, millatimizni orzusiga yetkazish, shu bilan birga buyuk va kuchli Turkiyani barpo etish maqsadida barcha sohalarda son-sanoqsiz inqilobiy ishlar bajarildi, xizmat, sarmoya joriy etildi.

Avvalo milliy iroda mustahkamlanib, demokratiya chuqur ildiz otdi. Aziz xalqimiz jonajon yurtimizda osoyishta yashashini ta’minlash orqali bugun tinch-bahuzur yurish, ertangi kunga umid bilan qarash qaror topdi.

Qolaversa, mamlakat bo‘ylab infratuzilmaga yo‘naltirilgan investisiya hisobidan ishlab chiqarish va aholi bandligini ta’minlashda erishilgan yutuqlar natijasida iqtisodiyot yuksalib, mamlakat va aholi boyishi ta’minlandi. Ishlab chiqarishni kengaytirish orqali sanoatdan tortib qishloq xo‘jaligigacha bo‘lgan barcha sohalarda ish bilan ta’minlash osonlashtirildi. “Insonni yashatgin-ki, davlat yashasin” tushunchasi asosida ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kuchaytirilib, barcha muhtoj fuqarolar qamrab olindi. Boshqa tomondan, Prezidentlik boshqaruvi tizimini joriy etish orqali davlat mexanizmida ikki asrlik izlanishga javob beradigan ulkan islohot amalga oshirildi. Ilg‘or va tashabbuskor xavfsizlik siyosati, tashqi siyosatga faol va insonparvar yondashuv tufayli davlatimiz qudrati, bayrog‘imiz shon-shuhrati, xalqimiz obro‘-e’tibori oshirildi.

Sog‘liqni saqlashdan ta’limgacha, texnologiyadan mudofaa sanoatigacha, tashqi siyosatdan madaniyat va san’atgacha ko‘plab sohalardagi muvaffaqiyatni tezlashtirgan ayni tashabbuslar osonlik bilan amalga oshgani yo‘q, albatta.

Global boshqaruv va iqtisodiy tizimni tubdan larzaga keltirgan epidemiya va urushlar davom etar ekan, biz mavjud infratuzilmaga asoslangan holda mamlakatimizni katta yutuqqa tayyorlash uchun qattiq kurashdik.

Chegaralarimizga hujum qilib, turk millati hayoti va mulki xavfsizligiga chang solayotgan ko‘plab tahdidlarga qarshi turdik. Global inqirozdan tashqari, mamlakatimiz duch kelgan ikki xil standart va embargoni imkoniyatga aylantirdik, har sohada kuchimizga kuch qo‘shdik. Bu to‘siqlarning barini yengib o‘tib, birin-ketin demokratiya va taraqqiyot inqilobini amalga oshirdik.

Shubhasiz, Respublikamizning birinchi asrida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etib, ikkinchi asrga tayyorgarlikni yakunlaydigan bu yutuqlar mevasi ta’lim, sog‘liqni saqlash, xavfsizlik, adolat, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi, sport singari turli sohalar rivojida aks eta boshladi. O‘sib, rivojlanib, kuchayib, boyib borayotgan Turkiya va xalqimiz ertangi kunga umid bilan qaraydigan, xorijda esa ergashadigan emas, ergashiladigan davlat nomini qozondi.

Dunyo tarixiy o‘zgarishlarni boshdan kechirayotgan, yangi va hayotiy muammolarga duch kelayotgan bir sharoitda biz uchun bu qutlug‘ sana nafaqat davlatimiz ikkinchi asrining boshlanishini bildiruvchi taqvim ko‘rsatkichi, balki juda katta mazmun o‘zgarishi ham.

Ayni tushunchalar bilan Respublikamizni siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va diplomatik sohalarda butun millatimiz orzu qilgan darajaga olib chiqadigan olg‘a qadam “Turkiya Asri” deb nomlandi. Bu odim – mamlakatimiz va sivilizasiyaning barcha yutuqlariga tayangan holda yangi avlodlarga qoldiradigan eng katta merosimizdir.

“Turkiya Asri” dasturi asosida millatimiz bilan birga Respublikaning 100 yilligiga katta umid, yanada ulug‘ maqsadlar bilan kirib boryapmiz. Bu yo‘lda, eng avvalo, yurtimiz erishayotgan yutuqlarni fidoyilik va qat’iylik bilan himoya qilamiz. Mamlakatimizning global miqyosda o‘z so‘zini aytish va qaror qabul qilish irodasini mustahkamlaymiz.

Biz siyosiy va iqtisodiy qudratimizni oshirib, dunyoning eng baland iqtisodiy cho‘qqisiga chiqishda davom etamiz. Vatanimizning har bir qarichida tinchlikni mustahkamlaymiz va taraqqiyot irodasini yuksakka olib chiqamiz. Har bir vatandoshimiz loyiq bo‘lgan huquq, erkinlik va farovonlikning kelajakdagi xavfsizligini ta’minlaymiz. “Turkiya Asri”da Respublikamizning ikkinchi asrini “shunchaki yashash” emas, “taraqqiy etish” davriga aylantirish niyatidamiz. Ana shu shijoat bilan Prezidentimiz Rejep Tayyip Erdog‘an boshchiligida bundan keyin ham “Turkiya Asri” idealidan kelib chiqqan holda, mamlakatimizni barcha sohalarda yuqori darajaga olib chiqish, ajdodlarimizdan bizga omonat shu aziz Vatanni abadiy yashnatish yo‘lidagi faoliyatimizdan hech qachon to‘xtamaymiz.

Turkiyaning birinchi asrini bor mashaqqati, yutug‘i bilan ortda qoldirar ekanmiz, shu zamin Vatan bo‘lishi uchun jonini fido qilgan shahidlarimiz va g‘oziylarimizni esga olamiz. Milliy ozodlik kurashida afsonaviy mardlik ko‘rsatib, qayta tug‘ilishimizga sabab bo‘lgan insonlarni hurmatlaymiz.

Biz erkin nafas olayotgan shu Vatanni bizga tuhfa etgan barcha qahramonlarimizni ehtirom, minnatdorlik va shukronalik bilan yod etamiz.

Butun millatimizga Respublika bayrami muborak bo‘lsin!

                                                                                                                                                                                                            Faxrettin Altun,
                                                                                                                                                                                              Turkiya Prezidenti huzuridagi
                                                                                                                                                                                      Kommunikasiya boshqarmasi boshlig‘i



Aloqador xabarlar