Fidan: Qora dengiz don tashabbusining qayta tiklanishi Turkiya uchun ustuvor masaladir

Hakan Fidan, Turkiya va Birlashgan Millatlar Tashkiloti vositachiligida amalga oshirilgan va muddati 17-iyul kuni tugagan Qora dengiz don tashabbusi tufayli, 33 million tonnadan ortiq don va oziq-ovqat mahsulotlari jahon bozoriga chiqqanini bildirdi.

2029419
Fidan: Qora dengiz don tashabbusining qayta tiklanishi Turkiya uchun ustuvor masaladir

Tashqi Ishlar vaziri Hakan Fidan, Qora dengiz don tashabbusining qayta tiklanishi Turkiya uchun ustuvor masala ekani va Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an bu borada tizimli ish olib borayotganini bildirdi.

Hakan Fidan kecha rasmiy tashrifi doirasida borgan Ukraina poytaxti Kiyevda, Turkiya va Birlashgan Millatlar Tashkiloti vositachiligida amalga oshirilgan va muddati 17-iyul kuni tugagan Qora dengiz don tashabbusi tufayli, 33 million tonnadan ortiq don va oziq-ovqat mahsulotlari jahon bozoriga chiqqanini bildirib mavzu haqida:

“Afsuski, buning muddati (Qora dengiz don tashabbusi) 17-iyulda tugadi. Hozirda don eksporti uchun muqobil yo‘llar izlanmoqda. Biroq, biz bu yo‘llarning dastlabki tashabbusga muqobil bo‘la olmasligi va xavf-xatarlari borligini ko‘rib turibmiz. Qora dengiz tashabbusi olib kelgan yutuqlarni boy bermasdan jarayonni imkon qadar jonlantirish kerak. Shuning uchun muloqotni barcha tomonlar bilan davom ettiramiz”. – dedi.

Tashqi ishlar vaziri shuningdek, Qora dengiz don tashabbusini qayta faollashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlar haqida ma’lumot berib:

“Ushbu tashabbusni qayta tiklash Turkiya uchun ustuvor masaladir. Bu tashabbus dunyoning oziq-ovqat xavfsizligi va insonparvarlik sa’y-harakatlari uchun alohida o‘rin tutadi. Prezidentimiz bu borada juda tizimli ish olib bormoqda. Shu munosabat bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Rossiya, Yevropa va ba’zi amerikalik aktyorlar, ayniqsa, Ukraina o‘rtasida keng ko‘lamli uchrashuv yuritilmoqda. Bu boradagi faoliyatimiz va sa'y-harakatlarimiz davom etadi”. – degan ifodalarga o‘rin berdi.

Fidan Kiyevga bo‘lgan tashrifi doirasida, Qrim - tatar turk jamiyati rahbarlari bilan ham uchrashdi.

Hakan Fidanning qayd etishicha Turkiya, Qrim-tatar turklarining haq - huquqi va mavqeini mustahkamlashga qaratilgan har qanday tashabbusni qo‘llab-quvvatlaydi.

 



Aloqador xabarlar