Mavlud Chavushog’li Shimoliy Karolinada Nobel mukofoti laureati Aziz Sanjar bilan uchrashdi

AQShning Shimoliy Karolina universiteti professori Aziz Sanjar bilan uchrashgan Mavlud Chavushog’li universitetda ilmiy tadqiqotlar olib boriladigan laboratoriyalar bilan tanishdi.

1178437
Mavlud Chavushog’li Shimoliy Karolinada Nobel mukofoti laureati Aziz Sanjar bilan uchrashdi

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavushog’li AQShga tashrifi chog’ida Nobel mukofoti sovrindori Aziz Sanjar bilan uchrashdi.

Amaliy tashrif bilan Nyu-York, Vashington va Miamida bo’lgan Mavlud Chavushog’li Shimoliy Karolinaga ham ziyorat amalga oshirdi.

Maqsad Nobel mukofoti laureati—AQShning Shimoliy Karolina universiteti professori, kimyo bo‘yicha 2015-yilgi Nobel mukofoti sovrindori Aziz Sanjar bilan uchrashish va u bilan suhbatlashish edi.

Aziz Sanjar va turmush o’rtog’i Gevn Sanjar bilan uchrashgan Mavlud Chavushog’li Shimoliy Karolina universitetida ilmiy faoliyatlar olib boriladigan laboratoriyalarni ko’zdan kechirdi. Aziz Sanjarning universitetdagi ilmiy faoliyatlari, talabalari haqida suhbatlashdi.

Ayni paytda “Sanjar” fondi qoshida tashkil etilgan “Turk uyi” haqida ma’lumot oldi.

Shu bilan birga, Shimoliy Karolinadagi turli universitetlarda tahsil olayotgan turk va amerikalik talabalar hamda u yerda yashagan turklar bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.

“Bu yerga kelishimizdan maqsad turk xalqining va turk dunyosining faxri bo’lmish Aziz Sanjar bilan uchrashish edi. Bugun bu sharafga muyassar bo’ldik. Ustoz Aziz Sanjar o’zligini unutmagan va tug’ilib o’sgan joyning qadriyatlariga sodiq bo’lgan juda qadrli ulug’imizdir”,-dedi Mavlud Chavushog’li talabalar bilan bo’lgan suhbatda.

Uning ta’kidlashicha, Aziz Sanjar nafaqat turk talabalar, balki boshqa turli millatlardan bo’lgan talabalarga va yosh tadqiqotchilarga ilhom manbaidir.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavushog’li ustoz Aziz Sanjar bilan hayirlashar ekan, uning kelgusidagi ilmiy ishlarida katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Eslatish joizki, Aziz Sanjar asli turkiyalik bo‘lib, 1971-yildan buyon AQShda faoliyat yuritadi. AQShning Yel, Texas va Shimoliy Karolina kabi nufuzli universitetlarida ilmiy tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullangan. U 2015-yili Tomas Lindal va Pol Modrichlar bilan birgalikda DNKni tiklash mexanizmlarini tadqiq etgani uchun kimyo bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan edi.

 



Aloqador xabarlar