Turkiya savdo vaziri Mehmet Mush O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari bilan uchrashdi

Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston-Turkiya savdo aylanmasini oshirish va diversifikatsiyalash bo‘yicha erishilgan natijalar hamda kelgusidagi tadbirlar yuzasidan fikr almashildi.

1733278
Turkiya savdo vaziri Mehmet Mush O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari bilan uchrashdi

 

Istanbulda O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov hamda Turkiya savdo vaziri Mehmet Mush ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga oid dolzarb vazifalarni muhokama qildi.

Maʼlumotga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston-Turkiya savdo aylanmasini oshirish va diversifikatsiyalash bo‘yicha erishilgan natijalar hamda kelgusidagi tadbirlar yuzasidan fikr almashildi. Joriy yilning dastlabki 9 oyida o‘zaro savdo hajmi 2,4 milliard dollarga yetgani va bu ko‘rsatkich o‘tgan yildagisiga nisbatan 70 foizga oshgani qayd etildi.

Ikki mamlakat bozorlariga xaridorgir o‘zbek va turk mahsulotlarini yetkazib berish hajmini oshirish va turlarini kengaytirish bo‘yicha ishga solinmagan imkoniyatlar mavjudligi alohida taʼkidlandi. Tomonlar kelgusi yilda o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish uchun yetarli salohiyat va resurslar mavjudligini ham qayd etdi.

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim hamda Elektron tijorat sohasidagi bitimni ishlab chiqish jarayoni ko‘rib chiqildi. Jumladan, tomonlar bir qator muhim masalalar bo‘yicha kelisha oldilar va hujjatlarning asosiy jihatlari bo‘yicha yakdil fikrga keldilar. Hujjatlarni ustida olib borilayotgan ishlar bu yil oxirigacha yakunlanadi.

Ikki tomonlama savdoni oshirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish, shuningdek, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, uyg‘unlashtirish va raqamlashtirish bo‘yicha o‘zaro choralar ko‘rishga qaror qilindi. Joriy yil oxirigacha ikki mamlakat bojxona xizmatlari Qo‘shma bojxona kengashining 2-yig‘ilishini o‘tkazishiga kelishildi hamda uning davomida bu sohada aniq natijalarga erishish rejalashtirildi.

Turk ishbilarmon doiralarini keng turdagi o‘zbek mahsulotlari bilan tanishtirish hamda o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar bilan bo‘lajak turk mijozlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish maqsadida Turkiyaning yirik shaharlarida "Made in Uzbekistan" tarmoqlar ko‘rgazmasini o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi. Turkiya tomoni bu tashabbusni ilgari surishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar mushtarak maqsadlarga erishish bo‘yicha navbatdagi tadbirlarni belgilab, yuzaga kelayotgan masalalarni zudlik bilan hal qilish borasida yaqindan hamkorlik qilish mexanizmini yaratishga kelishib oldi.



Aloqador xabarlar