Turkiya va O'zbekiston prezidentlari telefon orqali muloqot qildi

Turkiya yetakchisi davlat rahbarini O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik va katta muvaffaqiyatlar, O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga farovonlik va ravnaq tiladi.

1701100
Turkiya va O'zbekiston prezidentlari telefon orqali muloqot qildi

 

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g‘an kecha, 1-sentyabr kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Turkiya prezidenti ma’muriyatining kommunikatsiyalar bo’yicha departamenti ma’lum qilishicha, suhbat avvalida Turkiya prezidenti Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqini O’zbekiston mustaqilligining 30-yilligi bilan samimiy qutladi. Do‘st Turkiya xalqi nomidan O‘zbekistonga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklarini izhor etdi.

Bundan 30 yil avval O’zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo’lib tan olgan va Toshkentda elchixona ochgan birinchi davlat Turkiya ekanidan faxrlanishini tilga olgan Prezident Erdo’g'an, qolaversa joriy yilda ikki davlat o'rtasidagi munosabatlar abadiy do’stlik va strategik sheriklik darajasiga ko'tarilganiga 25 yil to’lganligini ma’lum qildi.

Prezident Erdo'g'an O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yetakchiligida yo’lga qo’yilgan samimiy do’stlik va xalqlararo qardoshlik rishtalari asosida insho etilgan strategik sheriklik yanada mustahkamlanishiga ishonchi komil ekanligini ta’kidladi.

Prezidentlar ikki tomonlama hamkorlik kun tartibi yuzasidan fikr almashdilar.

Joriy yil boshidan o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari ikki barobar oshgani va 240dan ortiq qo‘shma korxona tashkil etilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Mamlakatlar yetakchi kompaniyalarining kooperatsiyasi kuchayib bormoqda, jumladan, energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, turizm va boshqa sohalarda muhim investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Qo‘shma taʼlim va madaniy-gumanitar dasturlar muvaffaqiyatli joriy qilinmoqda. Xususan, shu yilning avgust oyida turkiyalik yetakchi mutaxassislar Toshkent va Samarqand shaharlaridagi arxitektura-qurilish institutlariga rahbar bo‘ldilar.

Yetakchilar bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasini, shu jumladan Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishiga puxta tayyorgarlik ko’rish masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Shuningdek, Afg‘onistondagi harbiy-siyosiy ahvol keskinlashishi taʼsirida mintaqadagi vaziyatning rivojlanishiga alohida eʼtibor qaratildi. Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash masalalari yuzasidan aloqalar va ko‘p tomonlama muloqotni davom ettirish muhim ekani taʼkidlandi.

 

 



Aloqador xabarlar