Turkiyada 129 ta yong‘in o‘chog‘idan 122 tasi bartaraf etildi

Bu haqda Turkiya prezidenti ma'muriyatining kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘i Fahriddin Altun Twitterdagi sahifasida ma'lum qildi.

1684043
Turkiyada 129 ta yong‘in o‘chog‘idan 122 tasi bartaraf etildi

Turkiyada o‘rmon yong‘inlariga qarshi kurashayotgan o‘t o‘chiruvchilar 129 ta yong‘in o‘chog‘idan 122tasini bartaraf etishga muvaffaq bo‘lishdi.

Bu haqda Turkiya prezidenti ma'muriyatining kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘i Fahriddin Altun Twitterdagi sahifasida ma'lum qildi.

“35 viloyatimizda sodir bo’lgan 129ta yong‘in o‘chog‘idan 122 tasi o’chirildi”,-dedi Fahriddin Altun.

Uning ta’kidlashicha, Turkiyada o‘rmon yong‘inlariga qarshi kurashda davlatning barcha imkoniyatlari to’liq safarbar etilgan. Shuningdek, boshqa turli mamlakatlardan ham yordam qo’li uzatilgan. Jumladan, Ozarbayjon, Ukraina va Rossiya Turkiyadagi o’rmon yong’inlarini o’chirishda ko’maklashmoqda.

Ma’lumki, Turkiya  janubida bir necha kundan buyon o‘rmon yong‘inlari davom etmoqda. Turistlar orasida mashhur bo‘lgan Antaliya va Marmaris ham yong‘indan jiddiy jabr ko‘rmoqda. Qutqaruvchilar o‘nlab aholi yashash punktlaridagi odamlarni evakuatsiya qilgan.

Turkiya janubidagi yong‘inlar kamida olti kishi o‘limiga sabab bo‘ldi, yuzlab odamlar jabrlangan, minglab kishilar evakuatsiya qilingan. Qishloq xo‘jalik maydonlari, fermalar yong‘in ichida qolib, chorva mollari nobud bo‘lgan.

Yong‘inlar mamlakatning yetti regioniga ta'sir ko‘rsatgan - ko‘plab kurortlardan sayyohlarni ko‘chirishga to‘g‘ri kelgan.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an yong‘in qamrab olgan hududlarni falokat hududlari deb e'lon qilgan.

Favqulodda vaziyat tufayli Turkiya janubida sayyohlik tadbirlari, ekskursiyalar butunlay to‘xtatildi.

Turkiya hududlarida o‘rmon yong‘inlari oqibatida yetgan zararni bartaraf qilish bo‘yicha shoshilinch choralarga dastlabki bosqichda 50 million turk lirasi (taxminan 6 million dollar) ajratildi.


Tanlangan kalimalar: #o'rmon yong'inlari , #Turkiya

Aloqador xabarlar