Turkiyada Istanbul kanali qurilishi boshlandi

Kanal uzunligi 45 kilometr, eni 275 metr va chuqurligi 21 metr bo‘ladi. Istanbul kanali loyihasi qiymati 15 milliard dollarga teng bo‘lib, loyiha olti yil davomida amalga oshiriladi.

1665398
Turkiyada Istanbul kanali qurilishi boshlandi

 

Turkiya prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an Bosfor bo‘g‘oziga parallel o‘tadigan hamda Qora dengiz va Marmara dengizini bir-biriga bog‘laydigan Istanbul kanali qurilishiga start berdi.

Erdo’g’an tantanali marosimda ishtirok etdi va ramziy tugmani bosib loyiha amalga oshirilishini boshlab berdi.

“Biz bugun Turkiya taraqqiyoti tarixidagi yangi sahifani ochyapmiz. Bugun biz mamlakatimizni rivojlantirish yo'lida yangi qadam tashlayabmiz”, - dedi Erdo‘g‘an.

 

Xususan, bo‘lg‘usi kanalni kesib o‘tuvchi birinchi ko‘prikning poydevori qo‘yildi. Kanal ochilishida so‘zga chiqqan Erdo‘g‘an loyihani amalga oshirish boshlanganini bildiruvchi ramziy tugmani bosdi.

Turkiya prezidenti ta’kidlashicha, katta kemalarning Bosfor bo‘g‘ozi orqali o‘tishi shahar uchun jiddiy xavfni yuzaga keltiradi. Avariya ko‘plab insonlarning o‘limiga olib kelishi mumkin. Shu bilan birga, 2050-yilga kelib, bo‘g‘oz orqali o‘tadigan kemalar soni yiliga 78 mingtagacha yetishi mumkin, uning o‘tkazish qobiliyati esa aslida 25 mingtaga teng.

Yangi Istanbul kanalining uzunligi reja bo‘yicha 45 km, minimal kengligi — 275 m, chuqurligi — 21 metrga teng bo‘ladi. Loyihani olti yil ichida tugatish rejalashtirilmoqda. Uni amalga oshirishga taxminan 15 milliard dollar sarflanadi. Kanal Bosfordan 35 km g‘arbda, Istanbul xalqaro aeroporti yaqinida boshlanib, shahar chegarasida Marmara dengiziga chiqadi.

Istanbulning g‘arbiy qismida barpo etilib, Qora va Marmar dengizlarini birlashtiruvchi hamda kemalar qatnaydigan yangi aloqa yo‘li bo‘lishi kutilayotgan 45 kilometrli kanal loyihasi Erdo‘g‘an tomonidan 2011-yilda taqdim etilgan edi.

Prezidentning ta’kidlashicha, ushbu loyihaning amalga oshirilishi Turkiya megapolisining strategik ahamiyatini ko‘taradi, chunki kanal orqali o‘tadigan oltita ko‘prik, uning qirg‘oqlarida esa ikkita shahar quriladi, ular o‘z navbatida “Istanbulning qiyofasini bezaydi”.

14-aprel kuni Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdo‘g‘an Istanbul kanali Montryo konvensiyasiga taalluqli emasligini e’lon qilgandi.

1936-yilda imzolangan Montryo konvensiyasi mamlakatlar yuk kemalarining Bosfor va Dardanel bo‘g‘ozlaridan foydalanishini tartibga soladi. Bu Turkiyaga o‘z chegaralaridagi bo‘g‘ozlarni boshqarish huquqini beradi va ularga tinchlik davrida fuqarolik kemalarining kirishini kafolatlab, harbiy-dengiz kemalarining kirishini cheklaydi.


Tanlangan kalimalar: #Erdo'g'an , #Istanbul kanali , #Turkiya

Aloqador xabarlar