Isroilda Binyamin Netanyahuning 12 yillik boshqaruviga chek qo‘yildi

Isroilda yangi koalitsiya tasdiqlandi. Yangi hukumat uchun 60 deputat ovoz berdi, 59 nafari qarshi chiqdi. Natijada, Isroil hukumatiga 12 yil rahbarlik qilib kelgan Binyamin Netanyahu o‘z lavozimidan chetlatildi.

1657440
Isroilda Binyamin Netanyahuning 12 yillik boshqaruviga chek qo‘yildi

 

Kecha, 13 iyun kuni Isroil parlamentida ko‘pchilik ovoz bilan yangi koalitsion hukumat tasdiqlandi va mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahuning 12 yillik boshqaruviga chek qo‘yildi.

Netanyahu Isroilni rekord darajada - 5 muddat davomida boshqardi. Yangi hukumatni sobiq mudofaa vaziri, o‘ng qarashlarga ega siyosatchi Naftali Bennet boshqaradi. Uning kabineti markazchi partiya va uning rahbari Yair Lapid bilan koalitsiyada shakllantirildi. Tomonlar erishgan kelishuvga ko‘ra, Bennet dastlabki ikki yil muddatga bosh vazirlik qiladi, keyin navbatdagi parlament saylovlarigacha qolgan ikki yillik uchun lavozimni Lapidga bo‘shatib beradi.

Knesset bir ovoz ustunlik bilan yangi koalitsiyani tasdiqladi. Yangi hukumat uchun 60 deputat ovoz berdi, 59 nafari qarshi chiqdi, yana bir deputat betaraf qoldi. Shu tariqa, Isroil hukumatiga 12 yil rahbarlik qilib kelgan Binyamin Netanyahu o‘z lavozimidan chetlatildi. Bennet Knessetdagi marosimda Isroilning 13-bosh vaziri sifatida qasamyod qildi. 

Ovoz berish jarayoni boshlanishidan oldin Bennet Knesset a'zolariga murojaat qildi. U birinchi navbatda Netanyahuga Isroil boshqaruvidagi ko‘p yillik xizmati uchun minnatdorlik bildirdi.

Bennet-Lapid koalitsiyasi Netanyahuga qarshi birlashib, mafkuraviy jihatdan bir-biridan jiddiy farq qiluvchi 8 ta partiyadan tashkil topgan. Mutahassislar ushbu yangi kolitsiyaning umri qisqa bo’lishini taxmin qilishmoqda, chunki, partiyalar ba’zi mavzularda butunlay farqli qarashlarga ega.

Yangi kabinet tarkibida 28 vazir va olti vazir o‘rinbosari bo‘ladi, bu esa uni Isroil tarixidagi uchinchi yirik hukumatga aylantiradi. Shuningdek, kabinetda ayol vazirlar soni rekord darajada ko‘p bo‘lishi kutilmoqda.

AQSh prezidenti Jo Bayden Isroilning yangi bosh vaziri Bennetga qo’ng’iroq qilib, yangi mas’uliyatli lavozimida katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Bayden AQSh va Isroil munosabatlarini bardavom qilishga sodiqligini takrorladi.

Shuningdek, mintaqada Isroil duch kelayotgan qiyinchiliklarni yengib o’tishda Isroilga yordam berishga tayyorligini ma’lum qildi. Ular ushbu yangi davrda AQSh-Isroil hamkorligini kengaytirishga kelishib oldi.


Tanlangan kalimalar: #Benyamin Netanyahu , #Isroil

Aloqador xabarlar