Mavlud Chavusho’g’li:"Turkiya va Misr o'rtasida muzokaralar davom etadi"

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho’g’li Turkiya-Misr munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari haqida TRT-Habar telekanaliga intervyu berdi.

1635668
Mavlud Chavusho’g’li:"Turkiya va Misr o'rtasida muzokaralar davom etadi"

 

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho’g’li Turkiya-Misr munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari haqida TRT-Habar telekanaliga intervyu berdi.

“Turkiya bilan Misr o’rtasidagi munosabatlarni ikki tomonlama va mintaqaviy sharoitlarda normallashtirish yo‘lida qadam tashlash bo’yicha muzokaralar davom etadi”,-dedi Mavlud Chavusho’g’li o’z intervyusida.

Ma’lumki, 5-may kuni Turkiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sedat O‘nal boshchiligidagi delegatsiya Misr poytaxti Qohiraga ikki kunlik muzokaralar uchun jo’nab ketgandi. Bu 2013 yildan beri ikki mamlakat o’rtasida davom etib kelayotgan ziddiyatlarni to‘xtatish uchun tashlangan ilk qadam hisoblanadi.

Bu esa, Sharqiy O‘rta Yer dengizida energetika hamkorligining yangi burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin.

“Muzokaralar aytib o’tilganidek, ijobiy muhitda bo’lib o’tdi. O’zaro munosabatlarni normallashtirish uchun nimalar qilish mumkin? Bularni muhokama qilishdi. Qolaversa, ikki mamlakatni yaqindan qiziqtirgan mintaqaviy masalalar ham ko’zdan kechirildi”,-dedi Mavlud Chavusho’g’li.

“Liviya, Suriya, Iroq, Sharqiy O’rta yer dengizi barchamiz uchun o’ta muhim. Misr uchun xuddi shunday. Avval aytganimizdek, bu yerda Misr bilan yo’lga qo’yadigan hamkorligimizdan ikki tomon ham manfaatdor bo’ladi. Munosabatlarimiz o’sha darajaga yetib kelganda, albatta bu mavzuni muhokama qilamiz”,-deb qo’shimcha qilgan Mavlud Chavusho’g’li.

“Sharqiy O‘rta Yer dengizida eng uzun qirg‘oqlarga ega bo‘lgan ikki davlat sifatida Misr bilan dengiz yurisdiksiyasi masalasida muzokara olib boramiz va biz o‘zaro kelishuvni imzolashimiz mumkin”, -degan edi tashqi ishlar vaziri 3 may kuni bergan bayonotida.

Turkiya Liviya bilan, Misr esa Gretsiya va Kipr bilan dengiz yurisdiksiyasi to‘g‘risidagi bitimga ega. Biroq Turkiya belgilagan maydonlarga Gretsiya, Gretsiya belgilagan maydonlarga esa Turkiya e'tiroz bildirib keladi.

2013 yildan beri darz ketgan Turkiya va Misr o’rtasidagi munosabatlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar yo‘li bilan qayta tiklash nafaqat o‘zaro aloqalar, balki Sharqiy O‘rta Yer dengizi voqealari nuqtayi nazaridan ham o’ta muhim hisoblanadi.

Turkiya va Misr o’rtasidagi muzokaralar davom etadi.


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #Misr , #Mavlud Chavusho'g’li

Aloqador xabarlar