Erdo‘g‘an sobiq admirallarning Montro konvensiyasi bo‘yicha maktubini qoraladi

Turkiya prezidenti Rajab Tayyib Erdo‘g‘an 104 nafar iste'fodagi admiral tomonidan imzolagan Montro konvensiyasi bo‘yicha ochiq maktubni qoraladi.

1615920
Erdo‘g‘an sobiq admirallarning Montro konvensiyasi bo‘yicha maktubini qoraladi

 

Turkiya prezidenti Rajab Tayyib Erdo‘g‘an 104 nafar iste'fodagi admiral tomonidan imzolagan Montro konvensiyasi bo‘yicha ochiq maktubni qoraladi va bunday xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yib bo’lmasligini ma’lum qildi.

Avvalroq ochiq maktubda Turkiyada yangi Istanbul kanali qurilishiga qarshi chiqqan va u bilan bog‘liq holda Turkiyaning Montro konvensiyasidan chiqishi mumkinligidan tashvish bildirgan 104 nafar iste'fodagi admiralga nisbatan tergov harakatlari boshlangani ma'lum qilingandi.

“104 admiral yig‘ilib, bir onda bunday hujjatni tarqatishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Buni so‘z erkinligi deb atab bo‘lmaydi, chunki erkinlik saylangan hukumatni ag‘darishga qaratilgan fikrlarning bildirilishini ko‘zda tutmaydi”, -deb aytgan Erdo‘g‘an.    

Bundan tashqari, Turkiya prezidenti Montro konvensiyasi va Istanbul kanalini qurish loyihasini bog‘lashga urinishni xato deb atagan. “Istanbul kanali qurilishi loyihasi Turkiyaning Bosfor ustidan suverenitetini kuchaytirishga qaratilgan. Bu loyihaga qarshi chiqayotganlar respublikamiz va Otaturkning haqiqiy dushmanlari hisoblanadi”, deb qo‘shimcha qilgan Erdo‘g‘an.  

“Montro konvensiyasi o‘z davrida Turkiya uchun muhim ish bo‘lgan. Biz konvensiya o‘rnini bosuvchi boshqa hujjat paydo bo‘lmaguncha uning bandlarini bajarishni davom ettiramiz”, deb ta'kidlab o‘tgan Turkiya rahbari.  

Anqara prokuraturasi maktubni imzolagan sobiq harbiylarga nisbatan tergov harakatlarini boshlagan. Ushbu ish doirasida 10 nafar sobiq admiral hibsga olingan. Ta'kidlanishicha, bosh prokuratura ushbu maktubni kim tayyorlagani va unga kimlar aloqadorligini aniqlamoqchi. 

Sobiq admirallarning pozitsiyasi Turkiyaning ba'zi yuqori mansabdor siyosatchilari va prezident ma'muriyati tomonidan ham keskin tanqidga uchragan. Oxirgi yillarda Turkiyada Anqaraning Montro konvensiyasidagi ishtirokini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha bahslar vaqti-vaqti bilan faollashib turadi. Turkiya rahbariyati konvensiyadan chiqish bo‘yicha hech qanday harakatlarni amalga oshirmayapti, biroq 1936 yilda tuzilgan ushbu kelishuvning barcha bandlari ham Turkiyaning hozirgi manfaatlariga va xalqaro vaziyatga to‘liq javob bermasligini bildirmoqda.  

 


Tanlangan kalimalar: #Montro konvensiyasi , #Turkiya , #Erdo'g'an

Aloqador xabarlar