Turkiya, Ozarbayjon va Pokiston o’rtasida dekloratsiya imzolandi

13 yanvar kuni Pokiston poytaxti Islomobodda Turkiya-Ozarbayjon-Pokiston uch tomonlama tashqi ishlar vazirlari yig’ilishi bo’lib o’tdi.

1563164
Turkiya, Ozarbayjon va Pokiston o’rtasida dekloratsiya imzolandi

 

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho’g’li 13 yanvar kuni Pokistonga rasmiy ziyorat amalga oshirdi.

Mavlud Chavusho’g’li tashrif doirasida Pokiston prezidenti Orif Alvi tomonidan qabul qilindi. Qabul chog’ida koronavirusning global miqyosda tarqalishi va jahon iqtisodiyotiga salbiy taʼsiri bilan bog‘liq murakkab sharoitda Turkiya va Pokiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik va ko‘p qirrali sheriklikni izchil rivojlantirishga erishilgani alohida taʼkidlandi. Pandemiyaga qarshi kurashda ko‘rsatilgan yordam va amaliy ko‘mak uchun Turkiya tomoniga alohida minnatdorlik bildirildi.

Prezident Orif Alvi Jinnah saroyida o’tkazilgan tantanali tadbirda Mavlud Chavusho’g’liga “Xilol-i Pokiston” nishonini taqdim etdi.

Ma’lumki, Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho’g’lining mamlakatga tashrifi doirasida poytaxt Islomobodda Turkiya-Ozarbayjon-Pokiston uch tomonlama tashqi ishlar vazirlari yig’ilishi bo’lib o’tdi.

Yig’ilishda 2021 yilda uchala mamlakat o’rtasida ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qo‘shma rejalar, shuningdek, ikki tomonlama aloqalar, xavfsizlik, tinchlik va farovonlikni oshirish doirasidagi bo‘lajak tadbirlar rejasi atroflicha ko‘rib chiqildi. Ikki tomonlama hamkorlikni, shu jumladan, transport va energetika sohalarida aloqalarni chuqurlashtirish lozimligi qayd etildi. Hududlar o‘rtasidagi yaqin hamkorlikni davom ettirish, madaniy-gumanitar almashinuvlarning keng dasturini amalga oshirishga katta eʼtibor qaratildi.

“Yig’ilishda bir qator sohada hamkorlik qilishga kelishib oldik. Xususan, xavfsizlik, barqarorlik va farovonlikni oshirish yo’lida shaxdam qadam tashlashga qaror qildik. Uch tomonlama yig’ilishimizning birinchisini 2017 yili Bakuda amalga oshirgandik, endi navbat Turkiyada. Bugun ushbu formatdagi muzokaralarni yana ham ko’proq o’tkazishga qaror qildik. Ya’ni, avvalgidek 3-4 yil kutishimizga hojat yo’q”,-deb aytgan Mavlud Chavusho’g’li matbuot anjumanida.

Pokiston tashqi ishlar vaziri Shox Mahmud Kurayshi esa, Pokiston hukumati Turkiya va Ozarbayjon bilan yaqin do’stona munosabatlarga ega ekanligini ta’kidlab, ko‘p asrlik do‘stlik rishtalariga, o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillariga, o‘xshash tarix, madaniy va maʼnaviy qadriyatlar mushtarakligiga asoslangan strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashda katta natijalarga erishilganini qayd etdi.

Uchrashuv va muzokaralarda savdo, investitsiya, xavfsizlik sohalari bilan bir qatorda, strategik sheriklik va siyosiy hamkorlik bo’yicha masalalar muhokama qilinganini tilga olgan Kurayshi, uch mamlakat ko’plab mavzularda o’xshash tushunchalarga va manfaatli hamkorlikka ega ekanligini ta’kidladi.

Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jayxun Bayramov esa, Pokiston va Turkiya firmalarini Armaniston ishg’olidan ozod qilingan Tog’li Qorabog’ni qayta tiklash faoliyatlarida ishtirok etishga taklif qildi.

Turkiya-Ozarbayjon-Pokiston tashqi ishlar vazirlari ishtirokidagi matbuot anjumanidan so’ng, Turkiya, Ozarbayjon va Pokiston o’rtasida siyosiy, iqtisodiy, tinchlik va barqarorlik o’rnatish bo’yicha uch tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida “Islomobod dekloratsiyasi” imzolandi.


Tanlangan kalimalar: #Ozarbayjon , #Pokiston , #Turkiya

Aloqador xabarlar