Ashxobodda TDT Oqsoqollar Kengashining 15-majlisi bo‘lib o‘tdi

Turkmaniston Davlat axborot agentligi (TDH)ning ma’lum qilishicha, tomonlar samimiy, do‘stona, konstruktiv muhitda o‘zaro manfaatli bo‘lgan eng muhim masalalar yuzasidan fikr almashgan.

2115465
Ashxobodda TDT Oqsoqollar Kengashining 15-majlisi bo‘lib o‘tdi

 

Joriy yilning 11-12-mart kunlari Turkmanistonning Ashxobod shahrida Turkiy Davlatlar Tashkiloti Oqsoqollar Kengashining 15-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda tashkilotga a’zo mamlakatlarning vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov barcha yig‘ilganlarga tashrif uchun minnatdorchilik bildirdi.

Turkmaniston Davlat axborot agentligi (TDH)ning ma’lum qilishicha, tomonlar samimiy, do‘stona, konstruktiv muhitda o‘zaro manfaatli bo‘lgan eng muhim masalalar yuzasidan fikr almashgan.

Oqsoqollar savdo-iqtisodiy, madaniyat, ta’lim, yoshlar siyosati va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, majlis ishtirokchilari O‘zbekiston Oqsoqollar kengashining 14-yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha ilgari surilgan tavsiyalarni amalga oshirish jarayonini har tomonlama ko‘rib chiqib, turkiy xalqlarning siyosiy o‘zaro ishonchi va hamkorligini mustahkamlashda tashkilotning o‘rni muhimligini qayd etdilar.

Oqsoqollar insoniyat taraqqiyotiga ulkan ijobiy ta’sir ko‘rsatgan "Buyuk Ipak yo‘li"ni qayta tiklash strategiyasi alohida ahamiyat kasb etishini alohida e’tirof etishdi.

Shu bilan birga, Tashkilot doirasidagi hamkorlik turkiy xalqlarning boy tarixiy madaniy merosi, ko‘p asrlik an’analari va axloqiy tamoyillari asosida yaqinlashishiga xizmat qilishi aytib o‘tildi.

Ishtirokchilar ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, akademik tadqiqotlar va qo‘shma xalqaro anjumanlar o‘tkazish orqali turkiy dunyo tarixini yanada ommalashtirishga alohida e’tibor qaratdi. Turkiy xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hamjihatlik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash Oqsoqollar kengashi faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani urg‘ulandi.

Tadbir yakunida a’zolar 2024-yilda turkiy davlatlarda buyuk mutafakkir, shoir va ma’rifatparvar, mardlik va halollik timsoli bo‘lgan Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300-yilligi nishonlanishini mamnuniyat bilan qarshi oldilar. 


Tanlangan kalimalar: #Turkmaniston , #TDT

Aloqador xabarlar