Ozarbayjonda prezidentlik saylovlarida Ilhom Aliyev g'alaba qozondi

Markaziy saylov komissiyasi raisi Mazohir Panaxov ma’lum qilishicha, amaldagi rahbar Ilhom Aliyev 92,05 ovoz bilan mutlaq g‘alaba qozongan.

2099273
Ozarbayjonda prezidentlik saylovlarida Ilhom Aliyev g'alaba qozondi

 

Kecha, 7 fevral kuni Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida Ilhom Aliyev g‘olib deb e’lon qilindi.

Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi raisi Mazohir Panaxov ma’lum qildi.

U 93,3 foiz saylovchilarning ovozlari hisob-kitobiga ko‘ra, mazkur natijalarni e’lon qilgan.

Unga ko‘ra, amaldagi rahbar Ilhom Aliyev 92,05 ovoz bilan mutlaq g‘alaba qozongan. Prezidentlikka o‘zini nomzod sifatida ko‘rsatgan Zohid O‘ruj 2,19 foiz, “Buyuk bunyodkorlik” partiyasidan Fozil Mustafo – 2 foiz, “Yaxlit Ozarbayjon Xalq fronti” partiyasidan Gudrat Hasanguliyev – 1,76 foiz, “Milliy front” partiyasidan Razi Nurullayev – 0,8 foiz, “Buyuk Ozarbayjon” partiyasidan Elshod Musayev – 0,66 foiz, o‘z nomzodini ilgari surgan Fuad Aliyev esa 0,53 foiz ovoz olgan.

Qayd etish joizki, sanab chiqilgan byulletenlar soni 4 mln 659 ming 967 nafarni tashkil etib, jami ovoz berganlar soni 4 mln 660 ming 25 nafarni tashkil qilgan va 6 ming 102 saylov uchastkasining ma’lumotlari allaqachon taqdim etilgan.

Aliyev 2003 yildan buyon mamlakatni boshqarib keladi. Baku Qorabog‘ ustidan nazoratni tiklaganidan keyin uning ozarbayjonlar orasidagi mashhurligi oshdi. Ozarbayjon Prezidenti yetti yilga saylanadi, muddatlar soni cheklanmagan. Bu Aliyevning beshinchi marta prezidentlikka saylanishi bo‘ladi.


Tanlangan kalimalar: #Ilhom Aliyev , #Ozarbayjon

Aloqador xabarlar