Ilhom Aliyev Erdo'g'anga bo'lgan cheksiz hurmatini tilga oldi

Ozarbayjon Prezidenti, agar mamlakat oldida jiddiy xavf paydo bo‘lsa, birinchi qo‘ng‘iroq qiladigan kishi Rajab Tayyip Erdo‘g‘an bo‘lishini urg‘ulagan.

2087594
Ilhom Aliyev Erdo'g'anga bo'lgan cheksiz hurmatini tilga oldi

 

Kecha, 10 yanvar kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev mahalliy telekanallarga bergan intervyusida Ikkinchi Qorabog‘ urushi paytida telefonda eng ko‘p gaplashgan kishilarning ismlarini ma’lum qildi.

“Ikkinchi Qorabog‘ urushi paytida Turkiya va Rossiya rahbarlari bilan qo‘ng‘iroqlashganman. Bu tabiiy, chunki Turkiya yetakchisi urushning birinchi kunidan to oxirigacha biz bilan birga bo‘ldi. Uning Ozarbayjonni siyosiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlagani ko‘pchilikka ma’lum”, degan Aliyev.

Ozarbayjon Prezidenti, agar mamlakat oldida jiddiy xavf paydo bo‘lsa, birinchi qo‘ng‘iroq qiladigan kishi Rajab Tayyip Erdo‘g‘an bo‘lishini urg‘ulagan.

Ilhom Aliyev diplomatik mavqedoshlariga kam hollarda qo‘ng‘iroq qilishini aytgan. Odatda qandaydir mavzu yuzasidan, favqulodda vaziyatlarda Tashqi ishlar vazirligi tomonidan yoki Prezident yordamchisi orqali hamkor davlat rahbarlari bilan bog‘laniladi.

Aliyevning bildirishicha, u o‘z odati bo‘yicha, prezidentlarga faqat ularning tug‘ilgan kunida qo‘ng‘iroq qiladi.

Aliyevdan farqli o‘laroq, 2020 yilning 27 sentyabridan 10 noyabriga qadar davom etgan 44 kunlik Ikkinchi Qorabog‘ urushida Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan dunyo yetakchilariga jami 19 marta qo‘ng‘iroq qilgan. Ushbu ma’lumot Armaniston Bosh vazirining veb-saytida e’lon qilingandi.


Tanlangan kalimalar: #Erdo'g'an , #Ilhom Aliyev , #Ozarbayjon , #Turkiya

Aloqador xabarlar