Ozarbayjon va Armaniston muhim kelishuvga erishdi

“Ishonchni mustahkamlash uchun qadamlar” sifatida tomonlar asirga olingan harbiy xizmatchilarni almashishga kelishib oldi.

2074171
Ozarbayjon va Armaniston muhim kelishuvga erishdi

 

Armaniston va Ozarbayjon o‘zaro munosabatlarni tartibga solish va davlatlar o‘rtasida tinchlik shartnomasini tuzish niyatida.

Bu haqda Ozarbayjon prezidenti ma’muriyati va Armaniston bosh vaziri apparatining 7-dekabr kuni e’lon qilingan qo‘shma bayonotida qayd etilgan.

“Armaniston va Ozarbayjon mintaqada uzoq kutilgan tinchlikka erishish uchun tarixiy imkoniyat mavjudligini ma’lum qiladi. Har ikki davlat suverenitet va hududiy yaxlitlik tamoyillarini hurmat qilish asosida munosabatlarni tartibga solish va tinchlik shartnomasini tuzish niyatini tasdiqlaydi”, — deyiladi hujjatda.

“Ishonchni mustahkamlash uchun qadamlar” sifatida tomonlar asirga olingan harbiy xizmatchilarni almashishga kelishib oldi.

Baku 32 nafar armanistonlik harbiyni, Yerevan esa ikki ozarbayjonlik harbiyni ozod qiladi.

Shuningdek, Armaniston xayrixohlik belgisi sifatida Ozarbayjon foydasiga BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasiga mezbonlik qilish borasida o‘z nomzodini qaytarib oldi.

“Armaniston va Ozarbayjon Respublikasi yaqin kelajakda amalga oshiriladigan ishonchni mustahkamlash bo‘yicha ko‘proq tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha munozaralarni davom ettiradi va xalqaro hamjamiyatni ularning sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga undaydi, bu ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlashga yordam beradi hamda butun Janubiy Kavkaz mintaqasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi”, — deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil sentyabrda Ozarbayjon harbiy amaliyot o‘tkazib, Tog‘li Qorabog‘ hududi ustidan nazoratni to‘liq tikladi. Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi rahbari Samvel Shahramanyan 2024-yil 1-yanvardan respublikani tugatish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. 100 mingdan ortiq etnik armanlar mintaqani tark etdi. 5-oktyabr kuni Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘ni Ozarbayjonning bir qismi deb tan olgan deklaratsiyani imzoladi.



Aloqador xabarlar