Turkiya elchisi Olgan Bekar O'zbekiston OAVga intervyu berdi

O'zbekiston OAV jurnalistlari Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Olgan Bekar bilan suhbatlashdi.

2058627
Turkiya elchisi Olgan Bekar O'zbekiston OAVga intervyu berdi

 

Turkiya davlatchilik tarixi Usmoniylar imperiyasi tarixiga borib taqaladi. Biroq Mustafo Kamol Otaturk boshchiligidagi Turkiya 1923 yil 29 oktyabrda respublika deb e’lon qilinadi. 

Sizningcha ortda qolgan 100 yil Turkiya davlatchilik tarixida mamlakat uchun  asosiy voqealar qaysilar?

— Bilasizmi, respublikamizga asos solinganining 100 yilligini do‘st va birodar O‘zbekistonda nishonlash biz uchun o‘zgacha baxt. Shuni ta’kidlash kerakki, Turkiya Respublikasi 100 yoshga to‘lgan bo‘lishi mumkin, lekin Turkiya davlatchiligi tarixi 1000 yilliklarga borib taqaladi. Anado‘lu Selchiqulidan boshlab saqlanib kelgan davlatchilik an’anamiz asosida 1923 yilda respublikamizga asos soldik va bugun uning 100 yilligini nishonlamoqdamiz. Usmonlilar imperiyasidan qolgan merosimiz asosida zamonaviy Turkiyaga asos soldik va aynan o‘sha meros bergan asoslar yordamida 100 yildan beri zamonaviy Turkiyani rivojlantirish ustida tinimsiz ishlar olib boryapmiz.

Ma’lumki, Turkiya Osiyo va Yevropani bog‘lovchi ko‘prik hisoblanadi. Ammo kuzatib turibmizki, Yaqin Sharq mintaqasida fundamental o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda. Shunday sharoitda Turkiyaning tashqi siyosati va uning ustuvor maqsadlari haqida fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz?

— Agar O‘zbekiston misolida qaraydigan bo‘lsak, xalqaro maydonda chindan ham boshqacha tahdidlar va tavakkalchiliklarni kuzatishimiz mumkin. Bunday holatlar moziyda ham kuzatilgan, albatta, tarixga qaraydigan bo‘lsak, o‘sha davrlarda ham urushlar va ziddiyatlar mavjud bo‘lgan. Xalqaro hamjamiyat hozirda ham ko‘plab sinovlarga duch kelmoqda. Ikkinchi jahon urushidan keyin o‘rnatilgan xalqaro tartib-qoidalar o‘zgarib bormoqda, ularning buzilish holatlarini kuzatyapmiz. Yaqin o‘tmish yoki bugungi kundagi muammoli voqealarga pandemiya, Rossiya-Ukraina mojarosi, Afg‘onistondagi voqealarning mintaqaga ta’siri va Isroil hamda Falastin o‘rtasidagi ziddiyatni misol qilishimiz mumkin. Shu vaqtgacha mavjud bo‘lgan va bizga o‘rgatilgan xalqaro tartib-qoidalarning yuqorida sanab o‘tilgan voqealar tufayli tanazzulga yuz tutayotgani bizni tashvishga solmay qo‘ymaydi, albatta. O‘zingiz ham guvohi bo‘layotganingizdek, bunday holatlar Turkiyaning milliy xavfsizligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatyapti. Aynan mana shunday qaynoq mojarolar davrida ham respublikamizning 100 yilligini nishonlayotganimiz, albatta, o‘zgacha mazmunga ega. O‘z navbatida O‘zbekiston mustaqilligining 32 yilligini nishonlashi ham kelajakka umid bilan qarashga imkon beryapti. Demakki, turkiy davlatlar o‘z mustaqilligining bardavomligini ta’minlay olyapti va tarix guvohki, bu avvaldan shunday bo‘lgan. Mana shunday qaltis vaziyatda ham turkiy davlatlar tashkilotidagi birdamlik va hamkorlikni ko‘rish, ularning qiyinchiliklarga qaramay, barcha platformalarda, ya’ni Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari platformasi yoki ikki tomonlama platformalarda birdamlikni saqlab qolishi juda katta ahamiyatga ega deb hisoblayman.

So‘nggi 5 yil Turkiy davlatlar tarixida o‘zlikni anglash darajasi ortgandek, bunga yaqqol misol Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatidir. TDT yaqin kelajakda Markaziy Osiyoning bir qismi bo‘lgan Tojikistonni ham tashkilotga integratsiya qilishi mumkinmi?

— Savolingizni ikki qismga bo‘lib javob beradigan bo‘lsam, albatta, so‘nggi 5-6 yil ichida Turkiy davlatlar tashkilotining chindan ham ancha kuchaygani va mustahkam faoliyat olib borayotganini ko‘rishimiz mumkin. Bundan oldingi savolingizda xalqaro miqyosdagi inqirozlar borasida so‘z yuritgan edik va ular keyingi 5-6 yil ichida yuzaga keldi va hozirgacha davom etib kelyapti. TDT esa bu davrda juda katta rivojlanish bosqichini bosib o‘tdi. Bu shuni anglatadiki, turkiy davlatlar xalqaro inqirozlar fonida ham o‘z hamkorligini kuchaytirib, yangi bosqichga olib chiqmoqda. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, 2019 yilda Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lishi uning faoliyatidagi jadallikni ta’minlab berdi. Natijada hozirgi kunda turkiy davlatlar birgalikda insonlar hayotining har bir sohasini qamrab oladigan ko‘plab iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy tadbirlarni o‘tkazmoqda. Bugungi kunga kelib, TDTga a’zo davlatlarni rivojlantirish uchun juda ko‘p rejalar amalga oshirilyapti, masalan, xabaringiz bor, 2040 yilgacha mo‘ljallangan strategiya qabul qilingan. Bundan tashqari, investitsiya fondi loyihasi ham qabul qilinish arafasida turibdi, shuningdek, noyabr oyida Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi sammitda ham qator masalalar kun tartibiga qo‘yilgan. Tojikiston masalasiga keladigan bo‘lsak, masalaga O‘zbekistondan turib munosabat bildiradigan bo‘lsam, tashkilotga a’zo bo‘lishning o‘ziga yarasha shartlari mavjud. Naxchivan bitimi bandlarida esa, tashkilotda kuzatuvchi maqomini olish shartlari birma-bir sanab o‘tilgan. Aynan o‘sha shartlarni bajargan har qanday mamlakat TDTga kuzatuvchi yoki to‘laqonli a’zo sifatida kirishi mumkin. Biroq masalaga Toshkentdan turib qaraydigan bo‘lsak, Tojikistonning Markaziy Osiyo madaniyatiga ajralmas sherik ekanini ko‘rib turibmiz. O‘tgan 100 yilliklar ichida o‘zbeklar va tojiklarning tinchlikda yashab kelganlarini kuzatish mumkin. Shu sababdan kelajakda TDTning Tojikistonni tashkilotga qandaydir yo‘llar bilan jalb etish masalasini ko‘rib chiqishi ijobiy baholanishi mumkin. Biz hozirda O‘zbekiston va Tojikiston hamkorligi a’lo darajada davom etayotganini, ikki tomonlama ham, Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari forumlarida ham birgalikda harakat qilayotganliklarini alohida e’tirof etishimiz mumkin va bizning safimiz kengayishi bizni kuchliroq qiladi va buni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Qardosh Ozarboyjon xalqi Turkiya respublikasining ulkan qo‘llovi bilan o‘zining tarixiy hududlari bo‘lmish Qorabog‘ni yana o‘z tarkibiga qaytardi. Shunday ekan Zangezur koridori Turkiy dunyo istiqboli uchun qanday ahamiyatga ega?

— Turkiy davlatlar uchun transport yo‘laklarini turfaxillashtirish o‘zaro bog‘liqlilik jihatidan ham o‘ta muhim masalalardan biri hisoblanadi. Shavkat Mirziyoyev ham haqli ravishda o‘zaro bog‘liqlik masalalarini eng ustuvor jihatlardan biri deb hisoblab kelgan. Ayniqsa, pandemiya va Rossiya Ukraina mojarolari turfaxillashtirilgan transport yo‘llarining biz uchun naqadar muhim ekanini ko‘rsatdi. Bunday vaziyatda biz o‘rta yo‘laklarning ahamiyatini tushunib yetmoqdamiz. Bu yerda gap transport sohasida Markaziy Osiyoning Onado‘lu orqali Yevropaga ulanishi haqida ketmoqda. Yevropaning YeBRD va boshqa tashkilotlari ham mazkur masalalarni ko‘rib chiqib, o‘z xulosalarini e’lon qildi. Zangezur ham juda katta ahamiyatga ega, albatta. Agar bu yo‘lni ishga tushirsak, turkiy davlatlarni quruqlik orqali bevosita uzluksiz bog‘lashga erishgan bo‘lamiz. Biz Ozarboyjon ta’kidlagan shart-sharoitlar asosida o‘sha yo‘lakni ishga tushirishni qo‘llab-quvvatlaymiz. Chunki bu yo‘lni ishga tushirish Markaziy Osiyodagi mahsulotlarni turkiy hududlar orqali Yevropaga to‘liq yetkazib berilishini ta’minlashga imkon yaratadi. O‘zingiz bilganingizdek, Armaniston hududlaridan o‘tuvchi bir yo‘lakning nomi Zangezur va hozirda bu yerda bir yo‘lakning ochilishi bo‘yicha muzokaralar davom etyapti. Umid qilamizki, Ozarboyjon va Armaniston bu masalada kelishuvga erishadi va yo‘lak xalqaro miqyosda foydalanish uchun ochiladi.

Biz bilamizki, Turkiyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik munosabatlari tobora rivojlanib bormoqda. Turkiya istiqbolda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qanday loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirgan?

— Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida turkiy davlatlarning iqtisodiy, siyosiy, madaniy va boshqa barcha sohalarda o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. TDT yetakchilari sammitidan keyin chop etilgan hujjatlarga, TDT kotibiyati hujjatlariga va 2040 yilgacha mo‘ljallangan strategiyaga qaraydigan bo‘lsak, hamkorlikning qanchalik keng qamrovli ekanini tushunish mumkin. Moziyda buning namunasi yo‘q, biz esa hamkorlikni mana shunday jadal ravishda davom ettirishni xohlaymiz. Bu nafaqat TDT, balki ikki tomonlama va boshqa xalqaro hamkorlik platformalarida ham davom ettirilishi kerak bo‘lgan ishlar hisoblanadi. Tashkilot a’zolarining o‘zaro hamkorligi rivojlanishi tashkilotni ham xalqaro maydonda kuchli va mustahkam tuzilmaga aylantiradi. Buni esa Turkiya O‘zbekiston munosabatlari misolida yaqqol ko‘rish mumkin bo‘ladi. Keyingi 4-5 yil davomida Shavkat Mirziyoyev yetakchiligida o‘rnatilgan munosabatlarni bemalol namuna sifatida ko‘rsatishimiz mumkin. Bugungi kunda oliy darajadagi strategik sherikchilik bitimi amal qilib turibdi, savdo hajmimiz esa o‘tgan yilgiga qaraganda 3 barobarga ortgan va bu raqamlarni kelajakda 5-10 barobarga oshirmoqchimiz. Bu nafaqat Turkiya tomoni, balki ikkala davlat rahbarlari ta’kidlagan raqamlar hisoblanadi. Davlat yetakchilarining bergan topshiriqlari asosida barcha vazirlik va idoralar bilan kerakli ishlarni olib bormoqdamiz va hozirda barcha sohalar, jumladan, iqtisod, siyosat, harbiy, texnika, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalardagi hamkorligimiz yuqori darajada ekanini e’tirof etishimiz mumkin. Bunday muhitda respublikamizning 100 yilligini nishonlash biz uchun juda katta baxt, albatta.

Bugungi dunyoda sodir bo‘layotgan geosiyosiy vaziyatga fikringiz.

— Ko‘rib turganingizdek, xalqaro maydonda turli inqirozlar, muammolar va ziddiyatlar kelib chiqmoqda. Bunday holatlar tarixda ham kuzatilgan va hozir ham kuzatilmoqda. Uzoq asrlardan beri bunday mojarolarning yuzaga kelishi bizni xafa qilmay qo‘ymaydi, albatta. Bu bizga ikki narsani ko‘rsatib turibdi: Bu birinchi navbatda mamlakatimiz xavfsizligini va xalq farovonligini ta’minlashimiz kerakligini ko‘rsatadi. Biroq xalqaro hamjamiyatning bir bo‘lagi sifatida biz mavjud vaziyatga munosabatimizni va fikr-mulohazalarimizni ochiq-oydin bildirib o‘tishimiz kerak. Biz yetakchilarimiz orqali moziy bizga qoldirgan merosga tayangan munosabat va fikr-mulohazalarimizni bildirib kelyapmiz. Chunki tariximiz va geografiyamiz ba’zi narsalarni bizga buyruq sifatida beradi. Davlat bu — noaniq va mavhum tushuncha emas, Turkiya deyilganda ko‘z oldingizda butun boshli tarixga ega bo‘lgan davlat keladi. O‘zbekiston deyilganda ham ko‘z oldingizda Amir Temurgacha bo‘lgan bir davrni boshdan kechirgan davlat gavdalanadi va buning o‘z mas’uliyati bor.

Biz bugun Turkiyaning 100 yilligini iftixor bilan nishonlayapmiz va Otaturk biz uchun boshlab bergan yo‘lning to‘g‘ri ekanini bugun anglab yetyapmiz. G‘oziy Otaturk bu respublikani yoshlarga omonat qilib tashlab ketgan, iftixor bilan ayta olamanki, bugungi kunda uning merosini yanada yuksakroqqa ko‘tarayotganimizni ishonch bilan aytish biz uchun katta baxt. Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi sifatida shuni aytib o‘tishim kerakki, respublikaning 100 yilligini ota vatanimiz sifatida e’tirof etadigan O‘zbekistonda nishonlash Turkiya elchisi uchun juda katta baxt. Chunki bizning ildizimiz bitta va umumiy qadriyatlarimiz mavjud. Kim qayerda yashayotganidan qat’i nazar, biz bitta xalqmiz va bu xalqlarning o‘z mamlakatlari bilan kuchayishlari, shuningdek, mustaqilligining 50-100 yilliklarini nishonlashlari insonni xursand qiladi.


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #O'zbekiston , #Olgan Bekar

Aloqador xabarlar