Samarqandda TDT sog‘liqni saqlash vazirlari yig‘ilishi bo'lib o'tmoqda

Unda TDTga aʼzo mamlakatlar va Tatariston sog‘liqni saqlash vazirlari ishtirok etmoqda.

2025472
Samarqandda TDT sog‘liqni saqlash vazirlari yig‘ilishi bo'lib o'tmoqda

 

Bugun Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) aʼzo mamlakatlar  sog‘liqni saqlash vazirlari yig‘ilishi va 9-Turkiy dunyo tibbiyot kongressi o‘z ishini boshladi.

Unda TDTga aʼzo mamlakatlar va Tatariston sog‘liqni saqlash vazirlari ishtirok etmoqda.

Kongressni Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov kirish so‘zi bilan ochib berdi va  bugungi tadbirning ahamiyati, maqsadlari va kutilayotgan natijalar haqida gapirdi.

Shundan so‘ng TDT bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev so‘zga chiqib, tadbir mehmonlarini tabrikladi.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov o‘z chiqishida, bugungi tadbir ko‘hna Moverannahr zaminida tavallud topgan buyuk olim, zamonaviy tibbiyot asoschisi, buyuk bobokalonimiz Abu Ali ibn Sino tavallud kuni munosabati bilan o‘tkazilayotganini taʼkidladi.

"Ibn Sino o‘z kashfiyotlari bilan tibbiyotning anatomiya, psixologiya, farmakologiya, terapiya, jarrohlik, diagnostika, gigiyena kabi sohalarini yangi bosqichga olib chiqdi. Uning ming yil avval kasalliklarni aniqlash, davolash va oldini olish bo‘yicha bergan ko‘rsatmalari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q, bunga insoniyat qayta-qayta amin bo‘lmoqda", - dedi  vazir.

Anjumanda, shuningdek, diplomatik korpus vakillari, yetakchi oliy tibbiyot taʼlim muassasalari rektorlari va professor-o‘qituvchilari, nufuzli tibbiyot klinikalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, yirik farmatsevtika va tibbiyot kompaniyalari rahbarlari, butun dunyodan olimlar ishtirok etmoqda.

Yig‘ilish ishtirokchilari sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va ishtirokchi davlatlarning tibbiyot fanlarini rivojlantirish borasidagi mavjud salohiyatini oshirish masalalarini muhokama qiladilar.

Forum 17 avgustga qadar davom etadi.


Tanlangan kalimalar: #Samarqand , #TDT

Aloqador xabarlar