O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fuat Oktayni qabul qildi

Fuat Oktay uchrashuv avvalida O‘zbekiston yetakchisiga uning Prezident saylovidagi ishonchli g‘alabasi munosabati bilan qardosh Turkiya Prezidenti va xalqining samimiy tabriklarini yetkazdi.

2010978
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fuat Oktayni qabul qildi

 

Bugun, 13 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hozirda Turkiya Respublikasi Buyuk Millat Majlisi Tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi bo‘lib turgan Fuat Oktay boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.

Aytilishicha, suhbat paytida O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Uchrashuv avvalida Fuat Oktay O‘zbekiston yetakchisiga uning Prezident saylovidagi ishonchli g‘alabasi munosabati bilan qardosh Turkiya Prezidenti va xalqining samimiy tabriklarini yetkazgan.

Turkiya tomoni O‘zbekiston Prezidentining aholi farovonligini oshirish va mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlashga qaratilgan pragmatik siyosatini yuksak baholashi va to‘liq qo‘llab-quvvatlashi qayd etilgan.

Muzokaralar chog‘ida parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish hamda qabul qilinayotgan qarorlar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilganyu.

Davlat rahbari parlamentlararo hamkorlik guruhlarini tashkil etish va tegishli “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish yuzasidan erishilgan kelishuvlarni olqishlagan.

Shuningdek, uchrashuvda o‘zaro savdo hajmini oshirish va aviaqatnovlarni ko‘paytirish, istiqbolli investitsiya loyihalarini ilgari surish, qo‘shma madaniy-gumanitar tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha muvofiqlashgan choralar ko‘rilishi muhim ekani ta’kidlangan.

Eslatma: Joriy yilning 10 iyul kuni Rajab Tayyip Erdo‘g‘an Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali muloqot qilib, uni muddatidan ilgari Prezident saylovida qozongan g‘alabasi bilan dildan qutlagan edi.


Tanlangan kalimalar: #Fuat O'ktay , #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar