Shavkat Mirziyoyev Prezident Erdo‘g‘anni tabrikladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an telefon orqali muloqot qildi.

1951691
Shavkat Mirziyoyev Prezident Erdo‘g‘anni tabrikladi

Bugun, 26-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an telefon orqali muloqot qildi. Bu haqida Turkiya Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va kommunikatsiyalar boshqarmasi ma’lumot bo‘lishdi.

Ushbu ma’lumotga ko‘ra Shavkat Mirziyoyev, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘anni tug‘ilgan kuni bilan tabriklagan.

Mavzu haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati ham ma’lumot tarqatdi.

Unga ko‘ra O‘zbekiston Davlat rahbari Turkiya yetakchisini tug‘ilgan kuni bilan tabriklar ekan hamkasbiga mustahkam sog‘lik va katta muvaffaqiyatlar hamda qardosh turk xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilagan. O‘zbekiston-Turkiya munosabatlaridagi keng ko‘lamli strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlikning yuksak darajaga ko‘tarilishida Prezident Rejep Erdo‘g‘anning shaxsiy hissasi alohida qayd etilgan.

O‘zbekiston Prezidenti Turkiyaning janubi-sharqiy muzofotlarida sodir bo‘lgan vayronkor zilzilalar munosabati bilan yana bir bor dalda so‘zlarini izhor etib, ularning oqibatlarini bartaraf etishda zarur yordamni ko‘rsatishga tayyorligini tasdiqlagan.

Qayd etilishicha Turkiya Prezidenti o‘z navbatida, eng murakkab pallada ko‘rsatilgan ko‘mak uchun O‘zbekiston Prezidenti va qardosh xalqiga chuqur minnatdorlik bildirgan. Qutqaruvchilar va tibbiyot xodimlarining faoliyati tufayli o‘nlab insonlarning hayoti saqlab qolingani, Hatay muzofotining minglab aholisiga malakali yordam ko‘rsatilgani, bundan tashqari O‘zbekiston madaniyati va san’ati, ziyolilari va jamoatchilik vakillarining sa’y-harakatlari katta ma’naviy ko‘mak bo‘lganini alohida ta’kidlab o‘tgan.

Suhbatda ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilinar ekan, 2022-yilning noyabr oyida Samarqand shahrida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni so‘zsiz amalga oshirish muhimligi ifoda etilgan.

Bo‘lajak uchrashuvlar rejasi, shu jumladan O‘zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishiga hamda Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammiti tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ko‘rib chiqilgan.

O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ochiq, ishonchli va do‘stona ruhda o‘tgan.

 



Aloqador xabarlar