Samarqandda "Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo" Vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Uchrashuvda O'zbekiston, Qozog'iston, Turkmaniston, Tojikiston, Qirg'iziston TIV rahbarlari va vakillari hamda Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Xosep Borrel ishtirok etdi.

1907903
Samarqandda "Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo" Vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

 

Kecha, 17 noyabr kuni O'zbekistonning Samarqand shahrida "Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo" formatidagi Vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov, Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Muxtor Tilauberdi, Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aybek Moldagaziyev, Turkmaniston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vepa Xajiyev va Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Xosep Borrel ishtirok etdi.

O'zbekiston tashqi ishlar vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari tashqi siyosat idoralari rahbarlari va vakillari siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiya, suv-energetika, ekologik va madaniy-madaniy sohalarda ikki mintaqa o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning bugungi holati va rivojlanish istiqbollarini muhokama qildilar.

Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov mazkur anjumanning Samarqandda o‘tkazilishi to‘g‘risidagi qaror Markaziy Osiyo, xususan, Samarqand shahrining mintaqalararo o‘zaro aloqalardagi yangi “xab” sifatida geosiyosiy ahamiyati ortib borayotganidan dalolat berishini taʼkidladi.

O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni kengaytirish va chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanligi hamda Yevropa Ittifoqining 2019 yilda qabul qilingan Markaziy Osiyo bo‘yicha Strategiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlashi taʼkidlandi. Shu nuqtai nazardan, mazkur strategiya amalga oshirilishini jadallashtirish uchun qo‘shma "Yo‘l xaritasi"ni qabul qilish muhimligi qayd etildi.

Samarqanddagi Vazirlar uchrashuvi mintaqalararo muloqotning yangi kun tartibini ishlab chiqishga hamda uzoq muddatli istiqbolda samarali hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini belgilashga imkon berishiga ishonch bildirildi.

Yopiq eshiklar ortida o‘tgan uchrashuvdan so‘ng Borrell va Norov brifing o‘tkazdi.

Borrelning taʼkidlashicha, bugungi kunda Markaziy Osiyo dunyoning strategik muhim mintaqalaridan biri hisoblanadi.

"Yevropa va Osiyo o‘rtasida joylashgan Markaziy Osiyoning strategik ahamiyati ortib bormoqda",- dedi u.

Borrel Yevropa Ittifoqi tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun barcha zarur yordamni berishga tayyorligini ta’kidladi.



Aloqador xabarlar