To‘qayev Osiyoda hamkorlikni xalqaro tashkilotga aylantirishni taklif qildi

"Biz tashkilotimizni bir-birining manfaatlarini o‘zaro hurmat qilish tamoyillariga asoslangan Osiyo xavfsizlik tizimining muhim tarkibiy qismi deb bilamiz. Osiyoda xavfsizlik global xavfsizlik uchun zamin yaratadi”, deydi To‘qayev sammitdagi nutqida.

1892527
To‘qayev Osiyoda hamkorlikni xalqaro tashkilotga aylantirishni taklif qildi

 

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashni (OHICHK) to‘laqonli xalqaro tashkilotga aylantirishni taklif qildi.

U bu haqda bugun, 13 oktyabr kuni kengashning Ostonadagi VI sammitidagi nutqida aytib o'tdi.

U yig‘ilish tashkil etilganidan buyon a’zo davlatlar beshta oliy darajadagi uchrashuvlar va oltita vazirlar uchrashuvi o‘tkazganini, shu tariqa OHICHK jarayonini faol siyosiy qo‘llab-quvvatlayotganini ta’kidladi.

Tashkilotga turli vaqtlarda Qozog‘iston, Turkiya, Xitoy va Tojikiston raislik qilgan.

“Avvalgi raislikdan 10 yil o‘tib, Qozog‘iston hozirgi raisligi uchun bir qator ustuvor vazifalarni belgilab oldi, ular asosida OHICHKni to‘laqonli xalqaro tashkilotga aylantirish yotadi. Biz tashkilotimizni bir-birining manfaatlarini o‘zaro hurmat qilish tamoyillariga asoslangan Osiyo xavfsizlik tizimining muhim tarkibiy qismi deb bilamiz. Osiyoda xavfsizlik global xavfsizlik uchun zamin yaratadi”, deydi To‘qayev yig‘ilishning VI sammitida.

Prezidentning ta’kidlashicha, siyosiy muloqotning mintaqaviy platformasi sifatida OHICHKning yetukligi va samaradorligi uni yanada o‘zgartirish uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lib xizmat qilmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, a’zo davlatlar bu masalani bir necha bor muhokama qilgan va OHICHK allaqachon tashkilot sifatida amalda ishlayapti, deb hisoblaydi.

“Ta’kidlamoqchimanki, biz yangi tashkilot yaratmayapmiz, balki institutsional rivojlanishning yangi bosqichiga o‘tmoqdamiz. Konferensiya maqomini oshirish Osiyoning xalqaro ishlardagi ortib borayotgan rolini kuchaytiradi va a’zo davlatlarning o‘zaro hamkorligini yangi bosqichga olib chiqadi. Ishonchim komilki, bu qadamlarning barchasi Osiyo qit’asidagi hamkorlik va taraqqiyotni faollashtirishga xizmat qiladi, shuningdek, tez o‘zgarib borayotgan dunyodagi chaqiriq va tahdidlarga qarshi turish salohiyatini kuchaytiradi”, deb yakunlagan To‘qayev o‘z nutqini.

Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash – Osiyo qit’asi davlatlarini birlashtiruvchi xalqaro forum bo‘lib, o‘z oldiga mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar va hamkorlikni mustahkamlash vazifasini qo‘yadi.

Ostona shahridagi Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning VI sammiti davom etmoqda. Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etmoqda.



Aloqador xabarlar