O‘zbekiston va Turkiya tarixi mushtarak mamlakatlar

“SHHTda hamkorlikning yangi bosqichi: turizm va madaniy meros” xalqaro forumi doirasida O‘zbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi va Turkiya Respublikasining "TurkTAV" Fondi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi.

1830559
O‘zbekiston va Turkiya tarixi mushtarak mamlakatlar

 

“SHHTda hamkorlikning yangi bosqichi: turizm va madaniy meros” xalqaro forumi doirasida O‘zbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi va Turkiya Respublikasining "TurkTAV" Fondi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi.

Hujjatni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov hamda jamg‘arma prezidenti Omer Nizamettin Aykurt imzoladi.

Turk tarixi va madaniyati fondi - "TurkTAV" tarixiy hujjatli merosni tiklash maqsadida O‘zbekistonga 55 mingta raqamlashtirilgan qo‘lyozmaning elektron hujjatga aylantirilgan nusxasini topshirdi. Bu manba o‘zbek tadqiqotchilari uchun Usmonlilar imperiyasi tarixiy arxividan foydalanish imkonini yaratadi.

Fond rahbari Omer Nizamettin Aykurt O‘zA muxbiriga mazkur tuzilmaning faoliyati va vazifalari haqida so‘zlab berdi.

­- Avvalo, ta’kidlashim joiz, Turk tarixi va madaniyati fondi nomidan SHHT doirasidagi nufuzli forumda ishtirok etish biz uchun ulkan sharaf.

"TurkTAV" turk dunyosi madaniy merosini asrab-avaylash maqsadida turli mamlakatlar institutlari, madaniyat va ta’lim muassasalari, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilib keladi. Eng yirik xalqaro loyihalarimizdan biri “O‘tror” Xalqaro elektron kutubxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yilishidir. Mazkur ziyo maskanini yaratishdan maqsad turkiy xalqlar madaniy merosini asrab-avaylash va boyitishga hissa qo‘shish. Turk xalqlarining madaniyatini aks ettirgan, tarixiy ildizlari, ma’naviy aloqalari va o‘zaro hamjihatligini ochib beradigan qimmatli nashrlar raqamli kolleksiyasini birgalikda shakllantirish.

Fond arxivida qancha hujjat bor va manbalar qaysi davrlarga tegishli?

- Usmonlilar davlati olti asrlik boshqaruv mobaynida mamlakatlar geografiyasi va tarixiga oid milliondan ortiq hujjat yaratdi. Turkiya arxivlarida saqlanayotgan va hozirgi kungacha yetib kelgan ushbu manbalar soni milliondan oshadi. Boy va rang-barang mazkur kolleksiya imperiya tarkibida bo‘lgan va hozir mustaqil qariyb 40 mamlakat, shuningdek, XV-XX asrlarda Yaponiyadan Amerikagacha bo‘lgan hududda joylashgan davlatlar tarixiga oid hujjatlarni jamlagan.

O‘zbekiston tarixi bilan bog‘liq hujjatlar qaysi davrlarga mansub?

- Turkiston xonliklari yoki hududni o‘rab turgan mamlakatlar bilan Usmonlilar o‘rtasidagi munosabatga oid minglab hujjatlar arxivlarda saqlanmoqda. Fondimizning asosiy maqsadi turk dunyosi madaniy qadriyatini keng ommalashtirish, o‘zaro almashinuv orqali mazkur boylikni ochish, manbalardan birgalikda foydalanish imkonini yaratish. Endi o‘zbek tadqiqotchilari ham ilmiy ishlarida arxivimizdan foydalanishlari mumkin. Loyiha doirasida Buxoro, Xiva, Qo‘qon va Xorazm xonliklariga mansub hujjatlar ham topildi. Ushbu materiallar, asosan, xonliklarning ichki rivojlanishi, turli kurashlar, Usmonlilar davlatiga yozilgan maktublar, elchilar yozishmalari, o‘zaro harbiy yordam so‘rash, xususan zambarak yasovchi ustalar jo‘natish, elchilar delegatsiyasini joylashtirish, ularga sovg‘a ulashish, ma’muriy xarajat, qabulda marosimi, mukofotlash singari davlatni boshqarish va davlatlar o‘rtasidagi munosabatni ifodalovchi ko‘plab hujjatlardan iborat.

Arxivda 1923 yildan keyingi - Turkiya Respublikasi davriga doir, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan keyingi ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy va diplomatik munosabatlar, savdo, madaniyat va ta’lim sohasidagi hamkorlikka oid hujjatlar ham uchraydi.

Keyingi rejalar haqida ham so‘zlab bersangiz.

- 2023 yil Samarqandda BMT Jahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining XXV sessiyasi bo‘lib o‘tadi. Turk dunyosi uchun juda muhim bo‘lgan ushbu voqea arafasida "TurkTAV" fondi imzolangan memorandum doirasida Turkiyaning bir necha shahrida qator madaniy anjumanlar o‘tkazishni taklif etmoqda. Shubhasiz, mazkur tadbirlar ham O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini ilgari surish, xorijliklarni O‘zbekistonga jalb qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Jamg‘arma tashabbusi bilan Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan birgalikda Ko‘nya shahrida Jaloliddin Rumiy nomi bilan bog‘liq Sheb-Arus haftaligini nishonlash, Turk dunyosi poytaxti Bursada, Istanbuldagi Beyo‘g‘li tumanidagi Taksim madaniy markazi galereyasi (tarixiy suv ombori)da tadbirlar tashkil etish rejalashtirildi. Shuningdek, dunyodagi eng yirik 5 ta turistik yarmarkadan biri - Sharqiy O‘rta yer dengizi Xalqaro turizm ko‘rgazmasida “Samarqand” stendi ochilishi bilan bog‘liq madaniy tadbir uyushtirish ham ko‘zda tutilgan.


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar