Buxorolik shifokorlar Turkiyada malaka oshirdi

O'zbek shifokorlar Turkiyaning Anqara shahridagi Bashkent universiteti tibbiyot klinikasida transplantologiya sohasida o‘z kasbiy mahoratini oshirib, turk hamkasblari bilan tajriba almashdi.

1812822
Buxorolik shifokorlar Turkiyada malaka oshirdi

 

O'zbekiston Respublikasi Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro viloyati filiali shifokorlari Turkiyaning Bashkent universiteti tibbiyot klinikasi bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumga asosan Turkiya davlatida bo‘lib qaytdi.

Filialning 5 nafar malakali mutaxassisi – nevrolog Rustam O‘roqov, anesteziolog–reanimatolog Ma’ruf Safarov, urolog Shuhrat Sayidov, xirurglar Nodir Salomov hamda Farrux Haydarovlar Turkiyaning Anqara shahridagi Bashkent universiteti tibbiyot klinikasida transplantologiya sohasida o‘z kasbiy mahoratini oshirib, turk hamkasblari bilan tajriba almashdi.  

Bashkent universiteti tibbiyot klinikasi Anqara shahrining markazida, qardosh davlatning birinchi Prezidenti Mustafo Kamol-Otaturk mavzoleyi, ya’ni, Anitkabir muzeyi yonida joylashgan. Mazkur tibbiyot klinikasi 1982 yilda faoliyat boshlagan. Dastlab bu klinika transplantologiya va kuyish jarohatlarini davolashga ixtisoslashgan markaz sifatida ish boshlagan. Bugunga kelib tarkibiga tibbiyot universiteti, 10 dan ortiq klinika, 13 ta dializ markazi, 5 ta ambulator tibbiy yordam ko‘rsatish maskani, shuningdek, 2 ta xususiy ta’lim maktabi, 2 ta mehmonxona va 6 ta jamg‘arma ishini yo‘lga qo‘yish orqali o‘z tuzilmasini rivojlantirgan. 

– Klinikaga har yili dunyoning turli burchaklaridan 3 milliondan ortiq bemor murojaat qiladi va ularga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatiladi, – deydi xirurg Nodir Salomov. – Hozirda 1 ming 500 statsionar o‘rniga ega bo‘lgan tibbiyot klinikasida 8 ming 500 dan ortiq professional tibbiyot xodimi mehnat qilmoqda. Shifoxona butun jahon standartlashtirish tashkiloti (ISO) hamda Turkiya standartlashtirish sertifikatlari (TSE) ga ham ega. Shifoxonaning qariyb 40 yillik ish faoliyati davomida 3 ming 136 ta buyrak, 666 ta jigar, 346 ta ko‘z shox pardasi, 142 ta yurak, 1 ming 61 ta suyak ko‘magi bilan bog‘liq transplantatsiya amaliyotlari, yuqori texnologik operatsiyalar bajarilgan. Bashkent universiteti tibbiyot klinikasi asoschisi – professor Mexmet Xaberal hisoblanadi. U tomonidan Turkiya tibbiyot tizimida birinchi bo‘lib buyrak transplantatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Shu bilan birga, o‘lik donordan jigar ko‘chirilishi va bolalarda tirik donordan jigarning segmentar ko‘chirilishi hamda dunyoda birinchi bo‘lib yoshi katta fuqarolarda jigarning segmentar transplantatsiyasi amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. 

– Klinikada ko‘plab kasalliklarga qarshi davo muolajalari intensiv usulda, yuqori aniqlikdagi diagnostika-tashxis va davolash innovatsion texnologiyalariga asoslanib amalga oshiriladi, – deydi nevrolog Rustam O‘roqov. – Unda ayni kunda dunyo tibbiyotining ilg‘or yo‘nalishlari – transplantologiya, onkologiya, radiologiya, kardiologiya va kardioxirurgiya, reproduktiv tibbiyot, kombustiologiya, oftalmologiya, stomatologiya kabi tarmoqlari o‘zlashtirilib, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda. Buxorolik tibbiyot mutaxassislari ham klinikada yuqorida ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar bilan yaqindan tanishdi. Bunda davolanayotgan bemorlar kasallik alomatlari, muolajalar bilan o‘rtoqlashdi. O‘tkir va surunkali buyrak yetishmovchiligiga chalingan bemorlar diagnostikasi, ularni operatsiyaga tayyorlash, buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti, murakkab jarrohlik amaliyotidan keyingi parvarish, nazorat va kuzatuv jarayonlarida bevosita qatnashgan. Ayni kunda Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Buxoro filialidan yana 4 nafar yosh mutaxassis Turkiya Respublikasiga malaka oshirish va tajriba almashish maqsadida jo‘nab ketgan.  



Aloqador xabarlar